Vatanimiz tarixidagi 30 avgust sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1527 yil (bundan 498 yil oldin) – Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining mutalavvin san’ati (ayni bir she’rning xilma-xil vaznga tushishi)ga bag‘ishlangan risolasi – “Taqti’” (baytning tahlili)ni yozib tugalladi. U bu haqda “Boburnoma”da quyidagicha yozadi: “Odina kuni, zulhijja oyining ikkisida (milodiy 1527 yil 30 avgustda) qirq bir qatla o‘qur virdni bunyod qildim. Ushbu ayyomda bu baytimni: “Ko‘zu qoshu so‘zu tilinimu dey, Qadu xadu sochu belinimu dey?!” – besh yuz to‘rt vaznda taqti’ qildim. Bu jihatdin risola tartib berildi”. Risolaning hozircha bir nusxasi Bobur asarlarining Tehron majmuasi tarkibida topilgan.
1914 yil (bundan 111 yil oldin) – O‘rta Osiyo jadidchilik harakatining yo‘lboshchisi, XX asr o‘zbek milliy matbuoti va yangi usuldagi milliy maktab asoschisi Munavvarqori boshchiligidagi bir guruh taraqqiyparvarlar “Nashriyot” shirkatini tuzdilar. Bu shirkatni tuzishdan maqsad gazeta, jurnal va kitob nashr qilish yo‘li bilan aholini ma’rifatlashtirish, shuningdek, Yevropa madaniyati yutuqlaridan bahramand etish edi.
1923 yil (bundan 102 yil oldin) – Xorazm Respublikasining Moskva savdo vakolatxonasi va Finlyandiyaning “Transbaltik” savdo kompaniyasn o‘rtasida o‘zaro birinchi mustaqil, ikki tomonlama foydalishartnoma imzolandn. 1923 – 1924 yillar mobaynida Xorazm tomonidan Finlyandiyaga, shuningdek, boshqa G‘arb mamlakatlariga xomashyo mahsulotlaridan – paxta, beda urug‘lari, qorako‘l, jun mahsulotlari, mahalliy hunarmandchilik buyumlari, g‘ildiraklar, xalatlar, baliq mahsulotlari, mahalliy moybo‘yoklar va boshqa mahsulotlar eksport qilingan. Mahsulotlarning asosiy qismi Finlyandiyaga yetkazib berilib, o‘rniga birinchi navbatda tayyor sanoat mahsulotlari hamda Xorazm xalqi ehtiyoji uchun zarur mahsulotlar olib kelingan.
1957 yil (bundan 68 yil oldin) – respublikaning bir qator jonkuyar, ilg‘or ziyolilar qatlami vakillari tashabbusi bilan O‘zbekiston hukumatining qarori asosida Moddiy madaniyat yodgorliklarini muhofaza qilish bo‘yicha qo‘mita tashkil etildi. Ushbu qo‘mita qoshida kengash tuzilib, uning tarkibiga tarixchi, arxeolog olim Yaxyo G‘ulomov; arxeolog, tarixchi, sharqshunoc Mixail Masson; matematik olim, akademik Toshmuhammad Qori-Niyoziy; san’atshunos, arxeolog olim Galina Pugachenkova kabi yetuk olimlar kirgan edi.
1966 yil (bundan 59 yil oldin) – angliyalik olim Jon Entvisl yurtimiz tarixi bilan qiziqib, Toshkent nomining kelib chiqishi, yurtimizdan o‘tgan karvon yo‘llarining yo‘nalishlari va turli etnonimlarning kelib chiqishi haqida ma’lumotlar berishni so‘rab atoqli olim Yahyo G‘ulomovga xat yuboradi. U mazkur xatga shu yilning 10 sentyabrida batafsil javob maktubi yo‘llaydi. Akademik Yahyo G‘ulomovning xonadonidagi xujjatlar bilan tanishgan tarixchi Olimjon Kanimkulovning yozishicha, olim tariximizning turli sohalariga qiziquvchi chet yellik olimlar, jumladan, Hindistonlik doktor Kumar, Yaponiyadagi Nagata universiteti professori Xideo Fudzi kabi bir qator xorijlik olimlar bilan o‘zaro xat yozishmalarini amalga oshirgan.
1968 yil (bundan 57 yil oldin) – O‘zbekiston hukumati qarori bilan Moddiy madaniyat yodgorliklarini muhofaza qilish bo‘yicha qo‘mita Yodgorliklar va tasviriy san’atni muhofaza qilish bo‘yicha bosh boshqarmaga aylantirildi.
1995 yil (bundan 30 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “«Mehnat shuhrati» ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”, “«Shon-sharaf» ordenini ta’sis etish to‘g‘risida” qonunlari qabul qilindi.
1995 yil (bundan 30 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ch.Aytmatovni O‘zbekiston Respublikasining «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga asosan, xalqlar o‘rtasida insonparvarlik va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan do‘stlik va har tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun yozuvchi, taniqli jamoat arbobi Chingiz Aytmatov “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.
1996 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasida noshirlik faoliyati sohasidagi munosabatlar ushbu qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonun aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsuloti bilan ta’minlashning huquqiy asoslarini belgilab beradi. Mazkur qonunning talablari atir-upa, pardoz-andoz mollari va tamaki mahsulotlariga ham taalluqli.
2000 yil (bundan 25 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Jaloliddin Manguberdi ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur orden bilan mamlakat mustaqilligini, Vatan sarhadlarini, ona yurt tuprog‘ini himoya qilishda hamda uni ko‘z qorachig‘iday asrashda yuksak harbiy mahorat, qahramonlik va jasorat namunalarini ko‘rsatgan, davlatimizning mudofaa qudratini mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shgan qo‘mondonlik tarkibiga kiruvchi harbiy xizmatchilar mukofotlanadilar.
2001 yil (bundan 24 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”, “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida” qonunlari qabul qilindi.
2001 yil (bundan 24 yil oldin) – Toshkent shahrida Akademik drama teatri (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatri) yangi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
2002 yil (bundan 23 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonunning maqsadi qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2003 yil (bundan 22 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Bank siri to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonunning maqsadi bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni olish, saqlash, muhofaza qilish, e’lon qilish va taqdim etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2010 yil (bundan 15 yil oldin) – Buxoroda balandligi 18 metr bo‘lgan “Ko‘hna va boqiy Buxoro” monumenti qad rostladi. Monument markazida uch avlod – baxtiyor yosh oila – ota, ona va bola, nihol o‘tqazayotgan bobo va nabira hamda uy qurayotgan ota va o‘g‘ilning barelefli haykallari aks ettirilgan. Bunda chuqur falsafa bor: hayot abadiy, umr o‘tkinchi, insonning ezgu amallari mangu qoladi, bu dunyoda inson ezgu ishlar qilmog‘i lozim, farzandlari kelajagi va el-yurtining ertasini o‘ylamog‘i darkor. Obida tepasiga balandligi 5 metr, vazni 32 tonnadan iborat bo‘lgan aylanib turuvchi ulkan Yer shari o‘rnatilgan. Unda O‘zbekiston xaritasi tasvirlangan.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga nevrologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida kosmik faoliyatni rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tashkil etildi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – Pop – Namangan – Andijon temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish ishlarining birinchi bosqichi, ya’ni Pop – Namangan temir yo‘lini elektrlashtirish ishlari nihoyasiga yetkazildi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish va soha vakillari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – “O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor» faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan to‘rtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni va “O‘zbekiston Respublikasida 2024 – 2030 yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA