Joriy yilning 3-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida shaxmat olamidagi yilning eng nufuzli musobaqalaridan biri sanaladigan "Grand Swiss 2025" turniri blib tadi.
FIDE tizimidagi "Grand Swiss" musobaqasining joriy yilgi bahslarida 39 ta mamlakatdan 172 nafar shaxmatchi qatnashish talabnomalarini taqdim etgan. "Grand Swiss 2025"ning erkaklar bahsida 116 nafar shaxmatchi, ayollar turnirida 56 nafar xotin-qiz dona suradi. Musobaqa nizomiga ko‘ra, erkaklar va ayollar o‘rtasidagi turnirlarda eng yaxshi ikkita o‘rinni egallaganlar jahon chempioni unvoni uchun da’vogarlarni aniqlaydigan 2026 yilgi nomzodlar turniri yo‘llanmasi sohibi bo‘lishadi.
O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikromov raisligida o‘tgan tashkiliy qo‘mita yig‘ilishida mazkur nufuzli turnirni yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan olib borayotgan tashkiliy ishlarning holati, musobaqalarda ishtirok etadigan xorijlik shaxmatchilarni munosib kutib olish, turnir mehmonlari uchun qulay sharoitlarni yaratish, musobaqa dasturi, texnik jihatlar, ishtirokchilarning xavfsizligi, ularning salomatligini muhofaza qilish, turnir doirasidagi tadbirlar kabi bir qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda onlayn tarzda ishtirok etgan Xalqaro shaxmat federatsiyasi vakillari, Samarqand viloyat hokimligi vakillari turnir bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborot berib o‘tdi.
Shaxmatning ommaviyligini ta’minlashga hamda O‘zbekistonning xalqaro sport maydonidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladigan turnirni o‘tkazish bilan bog‘liq har bir yo‘nalish bo‘yicha masalalar xususida tegishli tashkilot mutasaddilarga aniq vazifalar yuklandi. Yechimini kutayotgan ishlar, o‘zbekistonlik shaxmatchilarning ishtiroki bilan bog‘liq jihatlar tahlil etildi.
Ta’kidlanganidek, 2026 yilgi jahon chempionatiga nomzodlarni aniqlash turniriga yo‘llanma taqdim etadigan Samarqand "Grand Swiss 2025" musobaqasi kelgusi yili mamlakatimizda o‘tkazilishi belgilangan Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlikning muhim bosqichi vazifasini o‘tashi bilan ahamiyatlidir.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatimizda tashkil etilayotgan "Grand Swiss 2025" turnirining erkaklar musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov va Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov FIDE reytingi orqali ishtirok etsa, tashkiliy qo‘mita tavsiyasiga ko‘ra, Muhiddin Madaminov, Jahongir Vohidov, Muhammadzohid Suyarov, Ortiq Nig‘matov, Abdumalik Abdusalimov dona suradi.
Musobaqaning ayollar guruhida Gulruhbegim Tohirjonova reyting orqali, Afruza Hamdamova, Umida Omonova, Guldona Karimova va Madinabonu Xalilova tashkiliy qo‘mita tavsiyasi orqali kuchlilar bilan bahslarda vatanimiz sharafini himoya qiladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA