Zamonaviy oziq-ovqat xavfsizligi boshqaruvi bo‘yicha tajriba almashish maqsadida 25-28 avgust kunlari tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Ozarbayjonga tashrif buyurdi. Tashrif BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov boshchiligidagi delegatsiya 25 avgust kuni Ozarbayjon Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi agentligi (AFSA)da qabul qilindi. Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi hamda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, o‘simliklarni himoya qilish va veterinariya sohalarida tajriba almashindi.
AFSA raisi o‘rinbosari Zakiya Mustafoyevaning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro tashriflar, imzolangan kelishuvlar va qo‘shma tashabbuslar orqali izchil rivojlanmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasiga Ozarbayjonda oziq-ovqat xavfsizligi qonunchiligini takomillashtirish, xavf-xatarlarga asoslangan tekshiruv mexanizmlari, inqirozli vaziyatlarni boshqarish tizimlari va tezkor ogohlantirish mexanizmlarining joriy etilishi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Taqdimotlarda shuningdek, nazorat va inspeksiya tartiblari, jumladan, HACCP (Xavflarni tahlil va nazorat qilishning muhim nuqtalari) tizimining qo‘llanilishi, oziq-ovqat mahsulotlarini import va eksport qilish talablari, yangi mahsulot turlari, oziq-ovqat qo‘shimchalari, pestitsidlar, veterinariya dori vositalari va ozuqa qo‘shimchalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi, milliy raqamli tizim – AQTIS (Avtomatlashtirilgan oziq-ovqat xavfsizligi axborot tizimi) faoliyati, jamoatchilik bilan muloqot, ommaviy axborot vositalaridan foydalanish va axborot materiallarini tayyorlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif davomida Ozarbayjon Oziq-ovqat xavfsizligi instituti (AFSA)da uchrashuv, shuningdek, chegara nazorat punktlari va laboratoriyalarga tashriflar bo‘lib o‘tdi. Bu jarayon o‘zbekistonlik mutaxassislarga oziq-ovqat importi va eksporti nazoratida “yagona darcha” modelining amaliyotini o‘rganish imkonini berdi. Mazkur o‘quv tashrif O‘zbekistonga institutlarni isloh qilish, laboratoriyalarni mustahkamlash hamda manfaatdor tomonlarni oziq-ovqat xavfsizligi sohasiga kengroq jalb etish bo‘yicha tajribalarni o‘rganish imkonini berdi.
Delegatsiya tarkibida Sog‘liqni saqlash, Qishloq xo‘jaligi vazirliklari, Veterinariya qo‘mitasi, O‘simliklar karantini va himoya qilish agentligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Hisob palatasi hamda Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi rahbar xodimlari ishtirok etdi. Ushbu tashabbus FAO tomonidan O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi boshqaruvini kuchaytirish va savdoni yengillashtirish yo‘nalishidagi uzluksiz qo‘llab-quvvatlashning mantiqiy davomi hisoblanadi. Ozarbayjon tajribasini o‘rganish orqali O‘zbekiston iste’molchilarni himoya qilish, xavfsiz va sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga ega bo‘lish imkoniyatini yaratish, shuningdek, xalqaro bozorda raqobatbardoshlikni oshirish yo‘lida muhim qadam tashlamoqda.
M.Pirmatova, O‘zA