Prezidentimizning tegishli farmonlariga ko‘ra, Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan samarqandlik 16 nafar yurtdoshimiz davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan taqdirlandi.
Xususan, 100 yoshdan oshgan nuroniylar qatorida Narpay tumani Tepaqo‘rg‘on mahallasida yashovchi Xaticha Gadanova “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi.
Bu yil 103 yoshni qarshilagan Xaticha momo bugun samarqandning eng yoshi ulug‘ insonlaridan biri. Umri qishloq xo‘jaligi yumushlari bilan o‘tgan onaxonning suyagi mehnatda qotgan. Hayoti davomida urushning azob-uqubatlarini, odamlarning bir burda non topish uchun qanchalar zahmat chekkanlarini ko‘rdi, bu qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazdi. Hayotning hamma sinovlari, mashaqqatlarini faqat mehnat bilan yengdi, turmush o‘rtog‘i Umir Gadanov bilan birga kolxozda ishladi, erta bahordan qahraton qishgacha dalada bo‘ldi. O‘n farzandni ana shu hayot murakkabliklari bilan voyaga yetkazdi, oq yuvib oq taradi. Garchi 1977 yilda rasman pensiyaga chiqqan bo‘lsa ham keyin ko‘p yillar xo‘jalikda ishladi, kattayu kichik orasida “dehqon ona” degan nom oldi. Qachonki nevara, chevaralari ko‘payib, ularni o‘stirishda kelinlariga yordam berish zarurati tug‘ilganda, dalaga chiqmay qo‘ydi. Shunda ham tomorqada ayrim yumushlarini farzandlari va kelinlariga aytmay, o‘zi bajarib qo‘yaverardi.
Tepaqo‘rg‘onliklarning aytishicha, yaqin yillargacha xo‘jalik raislari, fermerlar g‘alla yoki paxtachilikda qaysi agrotexnik tadbirni qachon amalga oshirishni, yil fasllariga qarab dehqonchilik mavsumining qanday kelishini Xaticha momodan so‘rab, keyin ishlarga kirishar ekan.
Ayni paytda momoning farzandlari orasida o‘zi kabi pensiyada bo‘lganlari ham, turli sohalarda ishlayotganlari ham bor. 40 nafardan ortiq nevara, chevara va evaralari esa katta sulolaning munosib davomchilari bo‘lib kamolga yetmoqda.

Davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan samarqandliklarga unvon, orden va medallarni tantanali topshirish marosimini ertaga o‘tkazish rejalashtirilgan.
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev ushbu tadbir oldidan bugun Narpay tumaniga, Xaticha Gadanova xonadoniga borib, onaxonga “Shuhrat” medalini Prezidentimiz nomidan topshirdi hamda viloyat hokimligining sovg‘alarini berdi.

Viloyat hokimi onaxon bilan suhbat chog‘ida inson qadrini ulug‘lash Prezidentimiz siyosatining bosh maqsadlaridan biri ekanligini ta’kidlab, xususan, nuroniylar, keksa avlod vakillariga yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganini ta’kidladi. 100 yoshdan oshgan nuroniylarning davlat mukofoti bilan taqdirlanishi ham ana shu e’zoz, hurmat ifodasi ekanligini qayd etdi.
Xaticha momo ham Prezidentimizdan minnatdorligini bildirib, bugungi tinch va farovon kunlar uchun shukrona aytib yashash, bu kunlarning qadriga yetish va asrab-avaylash kerakligini ta’kidladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri