Bolgariyaning Sofiya shahrida davom etayotgan dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida dunyoning 71 mamlakatidan 551 nafarga yaqin polvonlar o‘zaro bellashmoqda. Quvonarlisi, O‘zbekiston terma jamoasi musobaqaning ilk kunidayoq 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘ringa chiqib oldi.
Jumladan, musobaqaning vazni 40 kilogrammgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarida Dilafro‘z Boltaboyeva barcha raqiblarini yengib, oltin medalni qo‘lga kiritdi va mazkur yosh toifasidagi jahon chempionatida g‘alaba qozongan o‘zbekistonlik ikkinchi dzyudochi qizga aylandi.

Bu yilgi jahon chempionatining o‘g‘il bolalar orasidagi bahslarida Xushnud Sultonov (50 -kg) va Xushnudbek Burxonov (55 -kg) o‘z vazn toifalarida terma jamoamiz hisobiga oltin medal keltirdi.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston terma jamoasi bugunga qadar o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘z tarixida bunday natija qayd etmagan. Darvoqe, musobaqaning birinchi kunidan so‘ng faqatgina IJF bayrog‘i ostida harakat qilayotgan dzyudochilar hisobida 1 ta oltin medal mavjud.

Bugun, 28 avgust kuni o‘g‘il bolalar -60 va -66 kg. vaznda, qizlar -48 hamda -52 kg. vazn toifasida tatamiga chiqadi. Unda quyidagi vakillarimiz medallar uchun kurashadilar:
60 kg: Dilshod Karimov – Yulius Glazer (Germaniya), Muhammadkarim Nosirov – Samuil Dimitrov (Bolgariya);
66 kg: Sultonbek Qo‘ldoshboyev –Nikola Xoji-Velkovich, (Xorvatiya);
48 kg: Gulmira Xolmurzayeva – Sofiya Mazur (Qirg‘iziston);
52 kg: Nigina Mirzakova – Monika Martines (Ispaniya).
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA