O‘zbekiston zamonaviy tarixida 2016 yil burilish davri sifatida alohida o‘rin egallaydi. Aynan shu yili mamlakat siyosiy maydonida yangi era boshlandi, davlat rahbarligiga Shavkat Mirziyoyev keldi. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida faoliyat boshlagan ilk kunlardan boshlab mamlakatimizda siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy hayotni yangilash, jamiyatni demokratlashtirish va erkinlashtirish, eng muhimi Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirish bosh maqsad qilib olindi.
Prezident sifatida u eng avvalo xalq bilan ochiq muloqotga kirishdi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan g‘oya jamiyatga kuchli ruhiy dalda bo‘ldi. Bu oddiy shior emas, balki amaliy faoliyat mezoniga aylandi. Endilikda aholining turmush darajasini yaxshilash, inson huquqini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va eng muhimi, har bir fuqaroning ovozini eshitish davlat siyosati markaziga chiqqan.
Tarixan qisqa vaqt ichida mamlakatimiz rahbarining qat’iy siyosiy irodasi va bevosita rahbarligi ostida demokratik islohotlarning mutlaqo yangi bosqichi boshlandi. Bu jarayonni belgilab bergan eng muhim hujjat – O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasidir.
Mazkur strategiya jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirishning uzoq muddatli yo‘l xaritasi sifatida ishlab chiqilib, o‘tgan davr mobaynida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etishga qaratilgan 300 ga yaqin qonun, 4 000 dan ziyod O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari qabul qilindi. “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan yetti ustuvor yo‘nalishdan iborat 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi esa “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqi va manfaatini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida qabul qilindi.
Umuman, Shavkat Mirziyoyev davridagi o‘zgarishlarni uch yo‘nalishda ko‘rish mumkin:
Birinchi yo‘nalish – davlat boshqaruvida ochiqlik va xalqparvarlik tamoyili joriy etilishi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi inson manfaatini himoya qilish, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmatini oliy qadriyat sifatida qaror toptirishdan iborat. Shu yo‘lda tashkil etilgan Prezident Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqi va erkinligini kafolatlashda alohida o‘rin tutdi. Davlat xizmati tizimi rivojlantirilishi, Davlat xizmatlari markazlari ishga tushirilishi, ortiqcha byurokratiyaga barham berilishi, aholi murojaatlari bilan ishlash va davlat idoralarining ochiqligi bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi asosiy islohotlar sifatida namoyon bo‘ldi.
Qolaversa, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi mamlakatimizda bu boradagi yondashuvni yangi bosqichga olib chiqdi. Endilikda fuqarolar huquqi va erkinligini ta’minlash, xalqaro standartni milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotda ro‘yobga chiqarish demokratik islohotlarning asosiy mezoniga aylandi.
Bugungi kunda O‘zbekiston inson huquqi va erkinligi sohasida ratifikatsiya qilgan 80 dan ziyod xalqaro hujjatdagi asosiy tamoyillar milliy qonunchiligimizda o‘z ifodasini topmoqda.
Islohotlarning mantiqiy davomi sifatida media muhit kengaytirilib, ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi, muhim hukumat qarorlari qabul qilinishidagi roli oshirildi. Mamlakatda gender siyosati yangi bosqichga olib chiqilgani, xususan Respublika Gender komissiyasi tashkil etilishi adolat tamoyili me’yorga kelishi uchun zamin yaratdi.
Shuningdek, majburiy mehnat, xususan paxta terimiga bolalar va o‘qituvchilarni jalb qilish amaliyoti butunlay tugatildi. 2019 yil 8 oktyabrdagi Prezident farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjatda sohada davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining flagmaniga aylantirish hamda respublikadagi kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1000, jumladan O‘zMU va SamDUni dastlabki 500 o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish maqsadlari qo‘yildi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi o‘n yilda, filiallarni ham qo‘shganda, oliy ta’lim muassasalari soni 2024/2025 o‘quv yili boshida 153 taga ko‘payib, jami 222 taga yetdi, ya’ni 3,2 barobar oshdi. Bu ko‘rsatkich 2015/2016 o‘quv yili bilan taqqoslaganda sezilarli o‘sishni ko‘rsatmoqda: o‘shanda oliy o‘quv yurtlari soni bor-yo‘g‘i 69 ta edi.
Yillar kesimidagi o‘sish sur’atiga e’tibor qarataylik: 2015/2016 – 69 ta, 2016/2017 – 70 ta, 2017/2018 – 72 ta, 2018/2019 – 98 ta, 2019/2020 – 119 ta, 2020/2021 – 127 ta, 2021/2022 – 154 ta, 2022/2023 – 191 ta, 2023/2024 – 219 ta, 2024/2025 – 222 ta.
Sog‘liqni saqlash tizimida ham keng qamrovli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, 2018 yil 7 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni mamlakatimiz tibbiyoti taraqqiyotida yangi davrni boshlab berdi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Farmonda 2019-2025 yillar rivojlanish konsepsiyasi belgilandi: milliy qonunchilikni takomillashtirish, klaster modellari va moliyalashtirish tizimini yaxshilash, tibbiy yordam sifatini oshirish, onalik va bolalik muhofazasi, davlat-xususiy sheriklik (DXSH), tibbiy turizm, elektron sog‘liqni saqlash (e-health), farmatsevtika sohasini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.
Shuningdek, kambag‘allik rasmiy darajada tan olindi va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha kompleks yondashuv shakllantirildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ham huquqiy va institutsional o‘zgarishlar yuz berdi.
O‘zbekistonda fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqini amalga oshirish uchun teng shart-sharoit yaratish, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashish, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglik va dunyoviylikka erishish uchun fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi tasdiqlandi.
Ikkinchi yo‘nalish – iqtisodiyotning modernizatsiyasi va bozor mexanizmiga o‘tish jarayoni tom ma’nodagi eng samarali o‘zgarishlardir. Xususan, valyuta bozori erkinlashtirilishi, naqd pul bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilishi, tadbirkorlik muhiti yaxshilanishi, xususan biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish va yuritish jarayoni soddalashtirilishi shular jumlasidan.
Turizmni rivojlantirish doirasida 90 mamlakat uchun vizasiz, 48 mamlakat fuqarolari uchun vizasiz tranzit rejimi joriy etilishi iqtisodiyot rivoji uchun tamal toshini qo‘ydi. 2025 yil 1 avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari 34 davlatga vizasiz, 42 mamlakatga esa soddalashtirilgan tartibda kirish imkoniyatiga ega.
Milliy statistika qo‘mitasi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda 2025 yil birinchi yarmi bo‘yicha iqtisodiy yakunlar jadal o‘sish sur’atini ko‘rsatmoqda: mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 7,2 foiz o‘sgan. O‘tgan yil shu davrda o‘sish 6,4 foizni tashkil qilgan. Umuman, mamlakat iqtisodiyoti barqaror rivojlanish rejimiga o‘tgan.
Uchinchi yo‘nalish – tashqi siyosatda qo‘shni davlatlar va xalqaro hamjamiyat bilan ochiq, pragmatik va do‘stona aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Ekspertlar fikricha, O‘zbekiston yetakchisining eng muhim islohoti – Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari o‘rnatilgani, chegaralar ochilgani, nazorat manzillari tashkil etilgani, mintaqa davlatlari bilan barcha masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqot yo‘lga qo‘yilgani xalqaro jamoatchilik tomonidan haqli ravishda tan olinmoqda. Shu bilan birga Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi yangilanishi haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2024 yil 20 noyabr kungi majlisida Prezident Shavkat Mirziyoyev Tashqi siyosat konsepsiyasi yangilanishi haqida gapirarkan, jumladan shunday dedi:
– Mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish uchun samarali tashqi siyosat olib borish, do‘st va hamkorlarimiz doirasini kengaytirish, yaqin qo‘shnilarimiz bilan mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish – o‘ta muhim vazifa. Bu maqsadda avvalo tashqi siyosat konsepsiyasini yangi tahrirda qabul qilish zarur, deb hisoblayman.
Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabati shakllanishi jarayoni jadallashdi. 2017 yildan boshlab Tojikiston bilan 25 yildan keyingi birinchi samimiy uchrashuv o‘tkazildi, viza rejimi bekor qilindi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi tiklandi. Qirg‘iziston va Turkmaniston bilan chegara masalalari, deyarli, to‘liq hal qilindi.
2018 yil Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha nufuzli xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Termizda Afg‘oniston uchun logistika va ta’lim markazlari ochildi.
Qudratli davlatlar bilan sheriklik, xususan Rossiya bilan yirik energetika, atom stansiyasi va sanoat loyihalari, Xitoy bilan “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida transport va infratuzilma loyihalari yo‘lga qo‘yildi, AQSH bilan siyosiy muloqot qayta tiklandi, iqtisodiyot va xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik ko‘lami kengaydi. Yevropa Ittifoqi bilan 2021 yil Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi bo‘yicha muzokara boshlangan.
BMT Bosh Assambleyasida “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya hududi” deb e’lon qilish tashabbusi ilgari surildi. Nukusda xalqaro innovatsiya markazi tashkil etildi.
O‘zbekiston 2017 yildan boshlab Shanxay hamkorlik tashkilotidagi faoliyatini kuchaytirdi. 2022 yil Samarqandda SHHT sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. BMT minbarida mintaqaviy xavfsizlik va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda. Madaniy diplomatiya bo‘yicha Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlar UNESSO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan manzillari bilan xalqaro miqyosda targ‘ib qilinmoqda. Sharq taronalari” festivali bugungi kunga kelib, eng nufuzli xalqaro tadbirlardan biriga aylangan.
Muxtasar aytganda, aynan yuqoridagi uch yo‘nalish qisqa muddatda O‘zbekistonni mintaqada faol va obro‘li davlat sifatida qayta tanitdi. Bugun xalqaro ekspertlar ham O‘zbekistonni “Markaziy Osiyoning yangilanish lokomotivi” deb atamoqda. Jahon hamjamiyati mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlarni kuzatarkan, ayniqsa, biznes muhitidagi qulayliklar, valyuta siyosati liberallashuvi, investitsion joziba oshgani va ijtimoiy sohalarda xalq manfaatiga qaratilgan loyihalar amalga oshirilayotganiga alohida e’tibor qaratmoqda.
Ma’lumki, Mustaqillikning 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda o‘tkazilmoqda. Zero, ushbu shior, go‘yoki, Prezidentimizning jamiki islohotlariga hamohang yangrayotgandek...
G‘ayrat Xonnazarov, O‘zA