Gap Mars va Yupiter orasidagi asteroidlar mintaqasidagi eng yirik jism — Serera mitti sayyorasi haqida ketmoqda. Xalqaro olimlar guruhi olib borgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, Serera bir paytlar mikroblar uchun mos bo‘lgan kimyoviy energiya manbaiga ega bo‘lgan!
Yerdagi kabi, issiq tog‘ jinslari bilan to‘yingan suv — mikroorganizmlar uchun haqiqiy “hayot manbai” hisoblanadi. Olimlar aynan shunday sharoitlar bir vaqtlar Serera ichida mavjud bo‘lganini aniqlashdi.
2018-yildagi Dawn missiyasi Sererada tuz, organik molekulalar va yerosti sho‘r okeani izlarini topgan edi. Endi esa bu kashfiyotlarga yana bir muhim jihat qo‘shildi — issiqlik manbai va kimyoviy reaksiya orqali hosil bo‘ladigan hayot “yoqilg‘isi”.
Olimlar modellashtirgan hisob-kitoblarga ko‘ra, 2,5–4 milliard yil oldin Sereraning yadrosi radioaktiv parchalanish tufayli qizigan va bu jarayon natijasida suv isitilib, metan va karbonat angidrid bilan to‘yingan. Bular esa oddiy mikroorganizmlar yashashi uchun kerakli sharoit.
Hozirda Serera sovib ketgan, suvi muzlab qolgan. Ammo o‘tmishda u nazariy jihatdan “hayot derazasi”dan o‘tgan — ya’ni hayot paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan davrni boshdan kechirgan.
Tadqiqotchilarga ko‘ra, bunday ssenariy Quyosh tizimidagi boshqa muz jismlarida ham bo‘lishi mumkin. Faqat ular Yevropa yoki Enselada kabi katta sayyoralarning tortish kuchi yordamida emas, ichki radioaktiv energiya orqali isitilgan bo‘lishi mumkin.
Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA