O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning mamlakatimizga amalga oshirgan davlat tashrifi – ikki tomonlama munosabatlar tarixida mutlaqo yangi sahifa ochdi.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov mazkur tashrif haqida munosabat bildirdi:
– Ikki davlat o‘rtasida 1994 yilda diplomatik aloqalar o‘rnatilganidan beri ikki mamlakat munosabatlari izchil rivojlanib kelgan bo‘lsa-da, bugungi daraja va keng qamrovli mazmun o‘tmishda kuzatilmagan.
Samarqand shahridagi Kongress markazida bo‘lib o‘tgan muzokaralar nafaqat rasmiy diplomatik protokolning navbatdagi bosqichi, balki amalda hamkorlikning strategik yo‘nalishlarini belgilab bergan voqea bo‘ldi.
Tashrif doirasida imzolangan ikki tomonlama hujjatlar aniq amaliy qadamlarni belgilab beruvchi huquqiy asosga aylandi. Ekstraditsiyadan tortib investitsiyalarni himoya qilish, viza talablarini bekor qilish va qo‘shma komissiya tuzishgacha bo‘lgan kelishuvlar o‘zaro ishonch va ochiq hamkorlik muhitini yaratishga xizmat qiladi.
Ayniqsa, aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va vizasiz rejim joriy etish masalasi amaliy ahamiyatga ega. Bu faqat turizm rivojiga emas, balki biznes va insonlar o‘rtasidagi muloqotning faollashishiga ham zamin yaratadi.
Tomonlar madaniy almashinuvlar, qo‘shma tadbirlar va islomshunoslik sohasidagi hamkorlikka alohida urg‘u berdi. Prezident Mirziyoyevning “Aqaba jarayoni” tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi va uning yig‘ilishlaridan birini Samarqandda o‘tkazish taklifi O‘zbekistonning global diniy muloqotdagi faol pozitsiyasini yana bir bor namoyon qildi.
Bu yo‘nalishdagi kelishuvlar siyosiy-iqtisodiy rivojlanish bilan bir qatorda xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlik va o‘zaro tushunishni ham mustahkamlaydi.
Tashrif chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Iordaniyaning “An-Nahda” ordeni bilan taqdirlanishi – bu ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi shaxsiy ishonch va hurmatning yorqin ifodasidir. Bu orden faqat siyosiy aloqalar emas, balki shaxsiy diplomatik munosabatlar ham yuqori darajada ekanini ko‘rsatadi.
Abdulla II ibn al-Husaynning ilk davlat tashrifi – bu ikki davlat uchun ham siyosiy ramz, ham amaliy manfaatlar yig‘indisi. Muzokaralar natijasida belgilangan yo‘nalishlar agar amaliy ishlar bilan to‘ldirilsa, O‘zbekiston - Iordaniya munosabatlari yaqin yillarda Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq o‘rtasidagi mustahkam ko‘prikka aylanadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/16b5HVb_Rjk" title="O‘zbekiston va Iordaniya: ikki tomonlama munosabatlar tarixida mutlaqo yangi sahifa ochildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Abduraimova, Yo.Meliboyev (video), O‘zA