Munosabat
Yurtimiz mustaqillikka erishganiga o‘ttiz to‘rt yil to‘lishi munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab qator bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Bugun Toshkent shahrida o‘tgan marosimda turli sohalarda samarali mehnat qilib kelayotgan fidoyi yurtdoshlarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi.
Tadbirda davlatimiz rahbari barcha yurtdoshlarimizni Mustaqillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Mamlakatimizda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar va amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida xalqimizning matonati, birdamligi va fidokorona mehnati yotganini ta’kidladi.
Marosimdan so‘ng O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyori Saida Rametova bilan suhbatlashish imkoniyatiga ega bo‘ldik.

– Avvalo, yurtimiz mustaqilligining shodiyonali kunlarida xalqimiz mehri va davlatimiz e’tiborini his etib, «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti» unvoni bilan taqdirlanganimdan cheksiz mamnunman. Bu yuksak e’tirof nafaqat o‘zimga, balki butun teatr va kino sohasiga bo‘lgan hurmat-ehtirom belgisidir.
Keyingi yillarda san’at va madaniyatga, ayniqsa, kino sohasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Yangi kinokartinalar, teatr sahnalarida yaratilayotgan asarlar orqali xalqimizning tarixiy xotirasi, ma’naviy dunyosi va zamonaviy hayotini keng yoritish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Keyingi yillarda milliy kinomiz ancha jonlanganini takrorlab charchamayman. Shu sohaning vakili sifatida bu islohotlar natijasidan g‘ururlanaman. Buning uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirishimiz kerak. Biz ijod ahlini kino san’atini rivojlantirish uchun yana nimalar qilishimiz kerak, degan savol doim qiynashi lozim.
Tariximizni dunyoga tarannum etmoqchi bo‘lsak, xalqimizning milliy g‘ururini ko‘tarishni istasak, kino san’atini rivojlantirishimiz lozim. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Tirik tarix” turkumi doirasidagi filmlar loyihasi asosida birin-ketin kartinalar ro‘yobga chiqmoqda. Eng qadimgi o‘tmishimizdan tortib, yaqin tariximizgacha bo‘lgan juda katta davr qamrab olinmoqda. Yaratilayotgan filmlarning mavzusi esa keng va rang-barang.
Menga berilgan mukofot butun jamoamizga yanada mas’uliyat yuklaydi. Kelgusida ham teatr va kino sahnasida xalqimiz ma’naviyatini boyitishga, yosh avlodga ibrat bo‘ladigan qahramon obrazlarni yaratishga harakat qilaman. Yurtimiz madaniyati va kino sanoati rivojiga xizmat qilish mening eng asosiy orzu va maqsadlarimdan biri bo‘lib qoladi.
O‘zA muxbiri Ikrom AVVALBOEV yozib oldi.