“Merganteks” paxta-to‘qimachilik klasterining Buxoro viloyati markazidagi “Nigora” tikuv-trikotaj fabrikasida barcha agroklasterlar mas’ul mutasaddilari ishtirokida uchuvchisiz uchish apparatlarining afzalliklari, ulardan amalda foydalanish uslubiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda viloyat hokimining o‘rinbosari Amrullo Nazarov yig‘ilganlarga uchuvchisiz uchish qurilmasi, dronning ayni kunda viloyat qishloq xo‘jaligi, g‘o‘za parvarishidagi o‘rniga to‘xtaldi.

Ayni kunda “Merganteks” MCHJ tomonidan viloyatning boshqa klasterlariga 30 dona dron yetkazib berishga doir kelishuvlar amalga oshirilayotgani qayd qilindi. Mutaxassis tomonidan bu innovatsion qurilmani boshqarishga doir to‘liq ma’lumot berildi. Muhimi, shu kunlarda viloyat xo‘jaliklarida borayotgan g‘o‘za parvarishida defoliatsiya tadbirlarida ham dronlardan unumli foydalanish talabi qo‘yilgan.

Defoliatsiya tadbirlarini viloyatda joriy yil ekilgan 47 ming gektar g‘o‘za parvarishlanayotgan maydonda sifatli va tez sur’atda o‘tkazish maqsadida qishloq xo‘jaligi tegishli korxonalari tomonidan OVX purkagichlari bilan birga 32 ta drondan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.