Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hududlarda bo‘lib, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning amaldagi ijrosi bilan tanishmoqda, fuqarolar bilan muloqot qilib, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rishmoqda.
Jumladan, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Oydin Abdullayeva hamda Yoshlar parlamenti a’zolari Sergeli tumanidagi “Izzatli” mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyatini o‘rgandi. “Mahalla yettiligi” bilan muloqot o‘tkazilib, mavjud muammolar va ularning yechimi yuzasidan fikr almashildi.

Izzatli mahallasi Oliy Majlis Senatining 2021 yil 27 avgustdagi qarori bilan Toshkent viloyati Zangiota tumanidan ajratilib, Sergeli tumaniga qo‘shib berilgan. Ushbu toifadagi aholi punktlarini 2024 yilga qadar kompleks rivojlantirish hamda kommunal xizmat ko‘rsatish sohasini yanada yaxshilash bo‘yicha hukumat qarori ham qabul qilingan. Ammo o‘rganishlar chog‘ida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori amalda ishlamayotgani, mahallada elektr energiyasi, suv, gaz, kanalizatsiya masalalarida hanuz muammolar mavjudligi aniqlandi.
Holat yuzasidan izoh olish va muammoni tezkor bartaraf etish maqsadida tegishli mas’ullarga deputat so‘rovi yuboriladigan bo‘ldi.

O‘rganishlar davomida “Oltin vodiy” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Mahalla aholisi bilan muloqotda turmush o‘rtog‘i va uning yaqin qarindoshlari tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayolning murojaati tinglandi. Deputat ushbu masalaga yechim topish maqsadida Sergeli tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i bilan bog‘lanib, muloqot qildi.
Qonunchilik palatasining yana bir deputati Yelena Borisova Chilonzor tumanidagi 33-oilaviy poliklinikaning “Beshqo‘rg‘on” filiali faoliyati bilan tanishdi. Shifokor va hamshiralar bilan muloqotda tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash, xastaliklar profilaktikasi bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Ma’lum qilinganidek, filial binosi yaqinda mukammal ta’mirlangan bo‘lib, 8 ming aholiga xizmat ko‘rsatadi. Muassasada UZI, EKG, stomatologiya, emlash kabi texnik imkoniyatlar mavjud. Uchrashuvda mahalla raisi hamda tuman tibbiyot birlashmasi mudiri ishtirok etib, oilaviy shifokorlar faoliyati, poliklinika ishini takomillashtirish bo‘yicha muammolar tinglandi.
Xalq vakillarining joylardagi o‘rganishlari davom etmoqda.
Muhtarama Komilova,
O‘zA