Ukraina armiyasi birinchi bor Rossiya qo‘shinlari sharqiy sanoat markazi hisoblangan Dnepropetrovsk viloyati hududiga kirib kelganini tasdiqladi. Dnepro tezkor-strategik qo‘shinlar guruhi vakili Viktor Tregubov BBC muxbiriga bergan intervyusida shunday degan:
– Bu Dnepropetrovsk viloyati hududidagi birinchi keng ko‘lamli hujum. Biz qo‘limizdan kelgancha ularni to‘xtatyapmiz.

Rossiya yoz fasli boshidan shu hududga kirganini iddao qilib keladi. Ukraina manbalari esa ruslar atigi ikki qishloq – Zaporizke va Novogrigorivka chegarasiga kirgan bo‘lishi mumkinligi, Bosh shtab shu xabarni ham rad etib, jang davom etayotganini bildirgani haqida yozgan.
Ma’lumki, Dnepropetrovsk urushdan oldin 3 million kishi yashagan, Donbassdan keyin Ukrainaning eng yirik og‘ir sanoat markazi edi. RF bu viloyatga rasman da’vo qilmasa-da, hududdagi yirik shaharlar, jumladan Dnepro muntazam ravishda raketa hujumiga duch kelmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Rossiya bu zaminga kirishi Ukrainaga ruhan og‘ir zarba berishi mumkin.

Tramp– Putin uchrashuvi asnosida diplomatik jarayon biroz sekinlashgani ham e’tiborga molik. AQSH yetakchisi yaqinda Alyaskada rus hamkasbi bilan uchrashib, keyin Vashingtonda Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazdi. U endi ikki yetakchini bir davraga chorlamoqda.
Binobarin, Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov boshqacha bayonot berdi:
– Kun tartibi tayyor emas, hech qanday uchrashuv rejalashtirilmagan!
Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat rahbari Kaya Kallas hududlarni Moskvaga berish bo‘yicha kelishuvni “tuzoq” deb atadi. Zelenskiy esa G‘arb ittifoqchilaridan urushdan keyingi aniq xavfsizlik kafolatini talab qilmoqda. Britaniya Bosh vaziri vakillari London Ukrainaga qo‘shin yuborishga tayyorligini bildirib, Qirollik harbaiylari faqat urushdan keyingi tinchlikni saqlashga xizmat qilishini qo‘shimcha qildi. Germaniya kansleri Fridrix Mers esa “Zelenskiy muzokaraga tayyor, endi Kremlning navbati,” dedi.
Ukraina hukumati erkaklar uchun belgilangan safarbarlik cheklovini yumshatdi. Endi 18-22 yoshli yigitlar mamlakatni erkin tark etishi va yurtga qaytib kirishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA