Yaponiyada adolatsizlik qurboni bo‘lgan tadbirkorning qabri oldida politsiya va prokuratura vakillari uzr so‘rab, gul qo‘ydi.
2020 yil mart oyida biznesmen Shizuo Aishima va yana uch nafar kompaniya rahbari sanoat uskunalarini noqonuniy eksport qilishda ayblanib, hibsga olingan edi. Aishima 2021 yil fevralda, ya’ni ayblov bekor qilinishidan atigi besh oy oldin oshqozon saratonidan vafot etdi. Qabr yonida bo‘lib o‘tgan uzr so‘rash marosimida Shizuoning oila a’zolari ham qatnashdi, biroq marhumning rafiqasi aybdorlarni hamon kechirmaganini aytdi.

2021 yil sentyabrda kompaniya Tokio sudiga da’vo kiritdi va sud hukmi bilan ayblov noqonuniy, deb topildi. Oilaga1,12 million dollar badal to‘lanishi belgilandi. Prokuror Xirosi Ichikava Aishimaga nisbatan inson huquqi qo‘pol ravishda buzilganini tan oldi:
– Biz asossiz hibsga olish va sud qilish orqali inson huquqi jiddiy buzilishiga sababchi bo‘ldik. Shuningdek, mahbus tibbiy davolanish imkonidan mahrum bo‘lishiga yo‘l qo‘ydik.

Marhum sakkiz bor garov evaziga ozod etishlarini so‘ragan, biroq hamma so‘rov rad etilgan. Politsiya va prokuratura sud qaroridan shikoyat qilmadi va hukm 2024 yil 11 iyunda qonuniy kuchga kirdi. Jabrlangan oila tekshiruv noto‘g‘ri ayblovning asl sababini ochib bermagani va tavsiya etilgan jazo juda yengil bo‘lganini ta’kidlamoqda.
Yaponiyada yuz berga bu voqea adliya tizimidagi xatoliklar inson hayotida qanday og‘ir oqibatlar yuzaga keltirishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA