Bugun, 27 avgust kuni AQSHda mukofot jamg‘armasi 350 ming AQSH dollaridan iborat “Sinquefield Cup-2025” turnirining so‘nggi 9-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
10 nafar eng kuchli grossmeysterlar qatnashayotgan mazkur turnirning kecha o‘tkazilgan 8-turida Nodirbek Abdusattorov ketma-ket omadsizliklardan keyin musobaqadagi ilk g‘alabasini tantana qildi. Oq donalarda fransiyalik Alireza Firuzjaga qarshi harakatlangan hamyurtimiz 60-yurish holatida raqibini taslim etdi.

Aytish lozim, ortda qolgan 8 ta turning 1 tasida g‘alaba, 4 tasida raqiblariga imkoniyatni boy berib, 3 tasida durang qayd etgan Abdusattorov hozirda 2,5 ochkoga ega bo‘lib turibdi.

Bugun o‘tkaziladigan 9-turda Nodirbek qora donalarda 4,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 4-pog‘onadan joy olgan AQSH vakili Uesli Soga qarshi dona suradi.
So‘nggi tur ostonasida amerikalik Fabiano Karuana va hindistonlik Rameshbabu Praggnanandxa 5 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan vaziyatda 4,5 ochkoga ega Levon Aronyan 3-o‘rinda bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, turnirda 1-o‘rinni egallagan shaxmatchi 100 ming, 2-o‘rin sohibi 65 ming, 3-o‘rin 48 ming, 4-o‘rin 32 ming, 5-o‘rin 26 ming, 6-o‘rin 21 ming, 7-o‘rin 18 ming 500, 8-o‘rin 16 ming, 9-o‘rin 13 ming, 10-o‘rindan joy olgan ishtirokchi 10 ming 500 AQSH dollari bilan taqdirlanadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA