Asr loyihasi deya e’tirof etilayotgan “Yoshlik I konini o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasi doirasida Texnologik transport boshqarmasi parkiga 3 dona eng zamonaviy «HITACHI EH4000AC-3» karer avtosamosvallari keltirildi.
Ushbu zamonaviy gigant avtosamosvallar joriy yilning iyul oyida qismlarga bo‘lingan holda to‘liq yetkazib keltirilgan bo‘lib mutaxassislar tomonidan qisqa muddatda yig‘ib bo‘lindi. Joriy yilning 22 avgust kuni “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi Abdulla Xursanov mazkur karer avtogigantlarini ishlab chiqarish jarayoniga safarbar etish oldidan kombinat transport sohasi vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida Abdulla Xursanov ushbu zamonaviy avtosamosvallar O‘zbekistonda ilk bor “Yoshlik I” konida ishlatilishi, ishlab chiqarishda belgilangan vazifalar va ko‘rsatkichlarni bajarishda, ma’dan tashish ishlari hajmining oshishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Texnologik transport boshqarmasiga kelgusida shu kabi ko‘plab zamonaviy gigant texnikalari keltirilishini ma’lum qildi.
Yaponiya texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan ushbu zamonaviy avtotransport vositasi 221 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega bo‘lib, boshqaruv kabinasida haydovchi uchun barcha sharoit va qulayliklar yaratilgan. Boshqaruv tizimi zamon talablariga asosan to‘liq elektron tarzda avtomatlashtirilgan. Bu haydovchiga mashinani oson va yengil boshqarish imkonini beradi. Transport vositasiga og‘ir yuk ko‘tarish va tashish qobiliyatini oshirishda hamda qo‘shimcha afzalliklarni ta’minlaydigan yanada kuchli “KAMMINZ” ichki yonuv dvigateli o‘rnatilgan. Boshqa turdagi texnikalariga nisbatan mustahkam va kuchli tayanchlari-ramalari bilan alohida ajralib turadi. Boshqaruv vaqtida yon-atrofni ko‘rish uchun 360 gradus radiusda kuzatish imkoniyatiga ega zamonaviy video kuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Tortish tizimlari zamonaviy generator va elektr tortuv dvigatellari bilan jihozlangan. Bu mashinaning ishlashini sezilarli darajada osonlashtiradi va uning samaradorligini ta’minlaydi. Avtosamosvalda texnologik tashish jarayonida sirpanish yoki sirpanishning oldini olish, bo‘ylama tekislikdagi tebranishlarni kamaytirish, yon siljishning oldini olish, elektrodinamik to‘xtash tormozlash tizimi, avtomatik tezlikni boshqarish, hatto yuqoridan pastga harakatlanayotganda ham oldindan o‘rnatilgan tezlik oralig‘ini saqlash imkoniyati mavjud.

Mazkur kompaniya mutaxassislari tomonidan ushbu gigantlarni boshqarish va to‘g‘ri ekspluatatsiya qilish bo‘yicha Texnologik transport boshqarmasining 33 nafar haydovchi xodimlari uchun maxsus professional o‘quv kurslari ham tashkil etildi.
Endilikda “Yoshlik I” konida 3 dona “HITACHI EH4000AC-3” karer avtosamosvallari konchilarning eng yaqin ko‘makchisi sifatida ish boshlaydi. Kelgusida Texnologik transport boshqarmasiga yana shunday gigantlardan 7 dona olib kelinishi kutilmoqda. Bundan tashqari, bugungi kunda tog‘ jinslarini tashishda “Yoshlik I” konida 2017-2020 yillarda 54 dona yuk ko‘tarish quvvati 130 tonna va 29 dona yuk ko‘tarish quvvati 220 tonnaga ega “BelAZ” rusumli karer avtosamosvallari olib kelindi va foydalanilmoqda. 2024 yilda mahalliylashtirish loyihasi asosida hamkorlikda Ӯzbekistonda ishlab chiqarilgan 5 dona “NMT-240” rusumli yuk ko‘tarish quvvati 236 tonnaga ega bo‘lgan gigantlar olib kelinib, hozirda ular ham konda tog‘ jinslarini tashimoqda.
Mazkur avtosamosvallarning kombinatga olib kelinishi mustaqilligimizning 34 yilligiga munosib sovg‘a bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
OKMK Axborot xizmati