Vatanimiz tarixidagi 27 avgust sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1855 yil (bundan 170 yil oldin) – o‘zining besh yarim oylik hukmronligidan so‘ng Xiva xoni Said Abdullaxon halok bo‘ldi. U Xiva taxtiga o‘tirgach, bir guruh saroy amaldorlari Said Abdullaxonni tan olmasdan unga qarshi fitna uyushtirib, yovmut turkmanlari bilan aloqa o‘rnatgan hamda ularni isyonga chorlagan edilar. Yovmutlar isyon ko‘tarib G‘ozovot va Ilonli atroflaridagi qishloqlarni talay boshladilar.
Said Abdullaxon Xivadagi fitnachilarni fosh qilib, uning ishtiroqchilarini qatl ettirgach, isyonchilarga qarshi kurash boshladi. Dastavval, Xiva qo‘shinlari bilan bo‘lgan jangda yovmutlar mag‘lubiyatga uchrab dasht ichkarisiga chekingan bo‘lsalar-da, avgustning oxirida yovmutlar Xiva navkarlari qarorgohiga to‘satdan tunda hujum qildilar. Bu hujumda Xiva navkarlari mag‘lubiyatga uchrab, Said Abdullaxon o‘ldirildi.
1919 yil (bundan 106 yil oldin) – Turkkomissiya va Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining qaroriga asosan Turkiston o‘lkasidagi barcha foto va kino san’ati Maorif xalq komissarligiga o‘tkazildi. Tarixchi Barno O‘ngboyevaning yozishicha, buning asosiy sababi tayyorlanayotgan kino asarlarining g‘oyaviy-mafkuraviy saviyasi ustidan nazoratni amalga oshirish, sovet kishilarida eskilikka qarshi kurash salohiyatini ko‘tarishdan iborat edi. Shuning uchun ham yuqorida ta’kidlangan hujjatda Turkiston foto va kino san’ati bolsheviklar partiyasining qattiq nazorati asosida faoliyat ko‘rsatishi qayd etilgan.
1937 yil (bundan 88 yil oldin) – kompozitor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Rashid Hamroyev tavallud topdi (vafoti 1985 yil). U yirik musiqiy-sahnaviy va simfonik musiqa janrlarida ijod qilib, milliy ohanglar bilan sug‘orilgan, dramatik va lirik jozibador asarlar yaratdi.
1940 yil (bundan 85 yil oldin) – futbolchi, sport ustasi Gennadiy Krasnitskiy tavallud topdi (vafoti 1988 yil). U 1959–1968 yillarda Toshkentning “Paxtakor” futbol jamoasi safida mamlakat birinchiligi oliy tabaqasi uchrashuvlarida 102 marta to‘p kiritgan. SSSR milliy va olimpiya terma jamoalari tarkibida o‘ynab, 37 marta to‘p urgan. Gennadiy Krasnitskiy Janubiy Amerikada o‘tkazilgan xalqaro uchrashuvlar haqida “Rio-de-Janeyrodan Montevideogacha” degan kitob yozgan. U O‘zbekistonning XX asrdagi eng yaxshi futbolchisi deb tan olingan.
2003 yil (bundan 22 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining Islom taraqqiyot bankiga a’zoligi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2004 yil (bundan 21 yil oldin) – O‘zbekiston Respulikasi Oliy Majlisining “Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi Bern Konvensiyasiga qo‘shilish haqida”gi qarori qabul qilindi.
2004 yil (bundan 21 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida Birlashgan Arab Amirliklari Dubay Amirligi Hukumatining vakolatxonasini ochish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2010 yil (bundan 15 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Geologiya-razvedka ishlarini tashkil etish va olib borish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2011 yil (bundan 14 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxirasi sport maktabini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining uzluksiz malakasini oshirish tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ixtisoslashgan bolalar ko‘ngilochar-ma’rifiy telekanalini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi milliy investitsiya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA