O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn 25-26 avgust kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Iordaniya Yaqin Sharq mintaqasida joylashgan, 12 ta hududdan iborat davlat. 11,7 million aholi istiqomat qiladi. Jahon bankining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Iordaniyaning yalpi ichki mahsuloti 53,3 milliard dollarni, aholi jon boshiga 4700 dollarni tashkil qilgan. Tashqi savdo aylanmasi 37,1 milliard dollardan oshadi. Iordaniya asosan fosfatlar, tayyor kiyim-kechaklar, to‘qimachilik va kimyo sanoati mahsulotlari eksport qiladi. Fosfatlar bo‘yicha jahondagi yetakchi eksportyorlardan biri, bu minerallar asosan o‘g‘it va kimyoviy moddalar sifatida eksport qilinadi. Iordaniyaning to‘qimachilik sanoati mahsulotlarining katta qismi AQSH va Yevropa Ittifoqiga yo‘naltirilgan.

Iordaniya iqtisodiyoti asosan xizmatlar sohasiga asoslangan bo‘lib, yalpi ichki mahsulotining 75,5 foizini tashkil etadi. Sanoatning hissasi – 19,6 foiz, qishloq xo‘jaligining esa – 4,9 foiz.
Turizm milliy daromadning muhim qismi hisoblanadi. Iordaniyada tabiiy resurslar, xususan, neft va gaz zaxiralari kam. Davlat fosfat, kaliydan tayyor mahsulotlar va kimyoviy moddalar eksportiga tayanadi.


Xalqaro moliyaviy yordam Iordaniya iqtisodiyoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Mamlakat Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki va Ko‘rfaz mamlakatlari kabi donorlardan yordam oladi. Ushbu hamkorliklar, shuningdek, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha olib borilgan sa’y-harakatlar bilan birga, Iordaniyaga qiyin geosiyosiy va iqtisodiy sharoitda barqarorlikni saqlab qolishga yordam bermoqda.
Iqtisodiy erkinlik indeksi bo‘yicha jahon reytingida Iordaniya 69-o‘rin, mintaqaviy reytingda esa 6-o‘rinni egallaydi. Ishbilarmonlik muhiti bo‘yicha jahon reytingida Podshohlik 65-o‘rinda turadi.
Iordaniya dunyodagi eng yirik fosfat ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi va bu borada TOP-5 talikka kiradi, uning tasdiqlangan zaxiralari 1,5 milliard tonnadan oshadi. 2024 yilda barcha konlarda quruq fosfatning umumiy ishlab chiqarish hajmi 11,5 million tonnaga yetgan.
O‘zbekiston 1993 yilda Iordaniya bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan va hamkorlik qilib keladi. Davlatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2024 yilda qariyb 4,6 million dollarni tashkil etdi va joriy yilning birinchi yarmida esa bu ko‘rsatkich 4,3 million dollarga yetdi. Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini bir necha karra oshirish imkoniyatiga ega va bundan samarali foydalanilmoqda.
25 avgust kuni Samarqand shahri aeroportida Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.
Ikki davlat rahbarlari Samarqand shahrining ulug‘vor tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi.
Tashrifning asosiy tadbirlari 26 avgust kuni Samarqand shahridagi Kongress markazida o‘tkazildi.
Dastlab, Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Kongress markazi binosi oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston Prezidenti oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif qildi.


Harbiy orkestr ikki mamlakat davlat madhiyalarini ijro etdi.
O‘zbekiston Prezidenti va Iordaniya Podshohi faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiya a’zolarini qutladilar.
Muzokaralar oldidan, davlat tashrifi dasturi doirasida Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
Kongress markazida xorijiy bozorlar uchun xalqaro standartlarga javob beradigan keng turdagi yuqori sifatli mahsulotlar ko‘rgazmaga qo‘yilgan.
Oliy martabali mehmonga tog‘-kon, farmatsevtika, kimyo, to‘qimachilik, zargarlik sanoati, qishloq xo‘jaligi va axborot texnologiyalari kabi sohalardagi texnologik bosqichlar, ishlab chiqarish quvvatlari, innovatsiyalar va qo‘llanilayotgan eng ilg‘or uskunalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ekspozitsiyadan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor sanoat mahsulotlari namunalari: dori vositalari, tibbiy asbob-uskunalar, mineral o‘g‘itlar, to‘qimachilik, trikotaj va zargarlik buyumlari, hunarmandchilik mahsulotlari, IT yechimlari va boshqalar o‘rin olgan.
Iordaniya yetakchisi O‘zbekiston mahsulotlari va sanoat salohiyatini yuksak baholadi. Davlat rahbarlari yetakchi korxonalar kooperatsiyasini kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish va texnologiyalar transferini amalga oshirish muhimligini ta’kidladilar.
Shundan so‘ng Kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida Iordaniya Podshohi davlatimiz rahbariga tashrif bilan kelishga taklif qilgani hamda Iordaniya delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan iliq va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.
Diplomatik munosabatlar tarixidagi ilk oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi va uni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘tarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va ko‘p qirrali amaliy hamkorlik munosabatlari mustahkamlanib borayotgani, ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar strategiyalari o‘xshashligi qayd etildi.
Yetakchilar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik olib borilayotganini mamnuniyat bilan qayd etib, tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni faol davom ettirish zarurligini ta’kidladilar.

Davlatlar tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi konstruktiv muloqotni va idoralar o‘rtasidagi yaqin aloqalarni davom ettirish zarurligi qayd etildi.
Ikki tomonlama savdo ko‘rsatkichlarini karrasiga oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga tayyorlik tasdiqlandi.
Kimyo va to‘qimachilik sanoati, "aqlli" qishloq xo‘jaligi, geologiya, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani kengaytirishga kelishib olindi.
Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashini ishga tushirib, joriy yil yakunigacha ularning ilk yig‘ilishlarini o‘tkazish taklifi bildirildi. Ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va ishlab chiqaruvchilari ishtirokida O‘zbekiston – Iordaniya biznes forumining o‘tkazilishi ishbilarmon doiralar o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini o‘rnatishga xizmat qiladi.
Madaniy, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni, shu jumladan, qo‘shma madaniyat haftaliklari, konsertlar, ekspozitsiya va ko‘rgazmalar o‘tkazish orqali yanada faollashtirishga tayyorlik bildirildi.
O‘zbekiston va Iordaniya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari uzoq tarixga ega bo‘lib, bugungi kunda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Shu nuqtai nazardan, umumiy ma’naviy merosni birgalikda o‘rganish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat islomshunoslik markazlari va institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar bag‘rikeng va ma’rifatli islom g‘oyalarini birgalikda ilgari surish zarurligi haqida yakdil fikrga keldilar. Davlatimiz rahbari Podshoh Abdulla II tomonidan bundan o‘n yil oldin boshlangan "Aqaba jarayoni" tashabbusini yuqori baholab, ushbu muhim tashabbusning navbatdagi yig‘ilishlaridan birini Samarqand shahrida o‘tkazishni taklif etdi.
Ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi va vizasiz rejim joriy qilinishi ishbilarmonlik aloqalari va o‘zaro sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida Podshoh Abdulla II ibn al-Husayn davlatimiz rahbarini Iordaniyaga tashrif bilan borishga taklif etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qildilar.
Umuman, tashrif doirasida 15 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi, jumladan:

- ekstraditsiya to‘g‘risida bitim;
- investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida bitim;
- qo‘shma komissiya tuzish to‘g‘risida bitim;
- viza talablarini bekor qilish to‘g‘risida bitim;
- oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;
- tovarlar va transport vositalari harakati to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlarni onlayn almashish to‘g‘risida bayonnoma;
- qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- o‘simliklar karantini va himoyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- veterinariya sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasida memorandum;
- din ishlari bo‘yicha anglashuv to‘g‘risida idoralararo memorandumlar;
- Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi.
Iordaniya Podshohining davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Iordaniyaning "An-Nahda" ("Renessans") ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.


Ushbu mamlakatning oliy mukofotini davlatimiz rahbariga Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn shaxsan topshirdi.
– Ushbu mukofotni ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi umumiy sa’y-harakatlarimizning munosib e’tirofi, shuningdek, mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan O‘zbekiston xalqiga do‘stona munosabat va hurmat ifodasi sifatida katta mamnuniyat bilan qabul qilaman, – dedi Prezidentimiz.
Iordaniya Podshohining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi va samarali muzokaralar natijasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yangi sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
Yetakchilar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishga kelishib oldilar.
Davlatimiz rahbari Podshoh Abdulla II ibn al-Husayn Iordaniyaning jadal rivojlanishiga, mamlakatning tinchliksevar tashqi siyosatini amalga oshirishga, xalqaro hamjamiyatdagi nufuzi va ta’siri yuksalishiga qo‘shgan hissasini alohida qayd etdi.
Prezidentimiz ushbu yuksak mukofot O‘zbekiston va Iordaniya xalqlari o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik ramzi sifatida munosib o‘rin egallashini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida Podshoh Abdulla II ibn al-Husaynga mukofot uchun yana bir bor minnatdorlik bildirib, Iordaniya xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
O‘zbekiston – Iordaniya sammiti yakunida birgalikda daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Samarqanddagi Kongress markazi bog‘ida eman ekdilar.
Marosim O‘zbekiston – Iordaniya munosabatlarida yangi davr boshlanayotgani hamda yetakchilarning xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga intilishi ramzi bo‘ldi.
Tadbirlar yakunlangach, Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuzatib qo‘ydi.

Aytish mumkinki, Prezidentimiz taklifiga binoan O‘zbekiston – Iordaniya diplomatik munosabatlari tarixida ilk bor Iordaniya Podshohining yurtimizga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlikda yangi bosqichni boshlab bergani va uni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘tarishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi. Ikki kun davomida davlatlar yetakchilarining samimiy va do‘stona muloqotlari, samarali muzokaralari natijasida hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor va istiqbolli yo‘nalishlari belgilandi hamda ularni kengaytirib borishga kelishib olindi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
G‘olib HASANOV,
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA maxsus muxbirlari