Agar go‘zallik salonlarida dezinfeksiya uchun zarur sharoit yaratilmagan bo‘lsa, bunday joyda na mijozlar, na xodimlarning xavfsizligi kafolatlanadi. Bunday sharoitlarda tabiiyki, xavfli yuqumli kasalliklarga chalinish xavfi yuqori bo‘ladi.
Shu bois mutaxassislar ta’kidlagan tavsiyalarga qat’iy amal qilish, xizmatdan foydalanishdan avval salonda gigiyena va yuqumli kasalliklardan himoyalanganlik darajasini tekshirish juda muhimdir.
- Sartaroshxona va kosmetologiya xonalarida gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish shart. Asbob-uskunalar uchta standart vositalar to‘plamida saqlanishi lozim. Tabiiy kosmetik vositalar yopiq idishlarda, steril asboblar esa maxsus qadoq va metall idishlarda saqlanadi. - deydi, Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi Yakkasaroy tumani bo‘limi sanitariya vrachi, oliy toifali shifokor Shuhrat Alimov. - Ishlatilgan qisqichlar, taroqlar, qaychilar oqova suv ostida yuvilib, maxsus vositalarda dezinfeksiya qilinadi. Elektr ustara pichoqlari ikki marta spirt bilan artilishi kerak. Mashina asboblari va qismlari faqat maxsus o‘qitilgan xodimlar tomonidan tozalanadi. Zarur dezinfeksiya vositalari zaxirada bo‘lishi va to‘g‘ri yorliqlanishi lozim. Xodimlar ishga kirishda va muntazam ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar.
Bundan tashqari mutaxassisga ko‘ra, go‘zallik salonlari xodimlari ish joyida maxsus ish kiyimida bo‘lishi, qo‘llarni sovun bilan yuvishi, antiseptiklardan foydalanishi, soch bo‘yashda rezina qo‘lqop kiyishlari majburiydir.
Ish joyida ovqatlanish va tamaki chekish mumkin emas.
Favqulodda holatlarda birinchi tibbiy yordam to‘plami qo‘l ostida bo‘lishi kerak. Unda spirt, yod eritmasi va bog‘lov materiallari bo‘lishi shart. Jarohatlar periks bilan tozalanadi, keyin yod bilan ishlov beriladi.
Qon teriga tushgan hollarda esa uni sovun va oqayotgan suv bilan darhol yuvib tashlash tavsiya etiladi.
Batafsil “Salomat bo‘ling” dasturida:
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/4QH5iRO4-tg?si=Meli3bhjfiXGVpal" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Mohichehra Eshmirzayeva, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA