Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida hamkorlikni kengaytirish, fitosanitariya va karantin yo‘nalishlarida xorijiy davlatlar bilan tajriba almashish, chorvachilik, veterinariya va raqamlashtirish borasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha samarali ishlar qilinmoqda.
Jumladan, bugun O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Iordaniya qishloq xo‘jaligi vaziri Sayeb Abdel Haleyem Hresat bilan uchrashdi. Unda avvalo, Iordaniyaning mashhur «Avasi» qo‘y zotini mamlakatimizga olib kelish va uni mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish masalasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, yurtimizda turli chorva mollarini yetishtirish hamda ularni Iordaniyaga eksport qilish istiqbollari belgilandi.
Uchrashuvda o‘zaro savdo aloqalarini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Jumladan, O‘zbekistondan gilos, mayiz va boshqa mahsulotlarni Iordaniyaga eksport qilish, u yerdan esa xurmo, zaytun va zaytun moyini mamlakatimizga olib kirish imkoniyatlari belgilab olindi. Bundan tashqari, qurg‘oqchilikka chidamli navlarni mahalliylashtirish ham hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etildi.
Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida hamkorlikni kengaytirish maqsadida fitosanitariya va karantin yo‘nalishlarida tajriba almashish, shuningdek, chorvachilik, veterinariya va raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Tomonlar qator pilot loyihalarni amalga oshirish, ilgari imzolangan memorandumlarda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish va bu borada mas’ul shaxslarni tayinlash bo‘yicha ham kelishib oldilar, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.
Mazkur uchrashuv ikki davlat o‘rtasida agrar sohada hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishi, o‘zaro manfaatli tashabbuslarni hayotga tatbiq etishda muhim qadam bo‘lishi ta’kidlandi.
A.RUSTAMOV, O‘zA