-
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga ko‘ra, Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi Qiroli Abdulla II 2025 yil 25-26 avgust kunlari birinchi marta davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keladi. Asosiy tadbirlari Samarqandda o‘tkaziladigansammit kun tartibiga siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, kimyo, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, kon sanoati va boshqa sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish masalalari kiritilgan. Muzokaralar yakunida ikki tomonlama kelishuvlar to‘plami imzolanishi rejalashtirilgan.
Munosabatlar tarixi
1993 yil 15 fevralda o‘rnatilgan O‘zbekiston – Iordaniya diplomatik aloqalari o‘zaro hurmat va do‘stlik tamoyili asosida muloqotni izchil rivojlantirishga asoslangan.
Muhim bosqichlardan biri – vazirliklar o‘rtasidagi ilk maslahatlashuv sifatida 2019 yil 17 sentyabr kuni TIV delegatsiyalari ishtirokida birinchi davrauchrashuvi o‘tkazilgan: tomonlar jarayonni har tomonlama tahlil qilib, huquqiy asos va parlamentlararo aloqani mustahkamlashga kelishib olgan.
2025 yil vazirlar darajasidagi aloqalar yangi sur’at kasb etdi: fevral oyida tashqi ishlar vazirlari Baxtiyor Saidov va Ayman Safodiy ishtirokida Ammanda siyosiy maslahatlashuvning institutsional mexanizmini ishga tushirishga kelishib olindi. Diplomatik pasport egalari uchun o‘zaro vizasiz rejim to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim hamda tashqi siyosat idoralarining 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi. Natijada xizmat safarlari soddalashdi, siyosiy maslahatlashuv tizimli ko‘rinish oldi. Umuman, bu hujjatlar xalqaro va mintaqaviy tashkilotlardagi pozitsiyalarni muvofiqlashtirish, xalqaro-huquqiy va konsullik hamda tahliliy markazlar o‘rtasidagi hamkorlikni nazarda tutadi.
Siyosiy muloqot va diplomatik aloqa
Qirol Abdulla II Samarqandga kelgach, Tashqi ishlar vazirliklari va tegishli idoralar darajasida joriy yil tuzilgan yaqin aloqalar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” mustahkamlanadi.
Davlat rahbarlari muzokaralarining asosiy yo‘nalishlari mintaqani xavfsiz va barqaror rivojlantirish, gumanitar aloqalar, o‘zaro hurmat va islom madaniy qadriyatlari mushtarakligi asosida davlatlararo munosabatni chuqurlashtirishdan iborat.
Gumanitar diplomatiyaning namunaviy o‘sish sur’atiga ega darajasi
2025 yil may oyida Iordaniya madaniyat vaziri Mustafo Ravashde “Samarqand – Islom dunyosi madaniy poytaxti-2025” yilining ochilish marosimida qatnashib, ikki mamlakatning madaniy qarashi va qadriyatlari yaqinligini ta’kidladi. Bunday yondashuv ikki tomonlama kun tartibi doirasida “yumshoq kuch”ni mustahkamlashga xizmat qiladi va sheriklikning rasmiy mazmunini boytadi.
Iqtisodiy hamkorlik
“Petra” axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yil o‘zaro savdo hajmi 6,9 million dollarni tashkil etgan. Iordaniya O‘zbekistonga farmatsevtika mahsulotlari, asbob-uskuna va kimyoviy moddalar, O‘zbekiston esa mis, meva va yong‘oq, shuningdek tarkibida kakao mavjud qandolat mahsulotlari, jumladan shokolad yetkazib bergan. Tomonlar o‘zaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish zarurligini qayd etgan.
Bozorga kirish sharti nuqtai nazaridan tomonlar tizimli chora-tadbirlarga o‘tmoqda: 2025 yil 11 avgust kuni Ammanda bo‘lib o‘tgan muzokara chog‘ida vazirlar Laziz Qudratov va Tariq Abu G‘azal Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim (PTA) tayyorlashga kelishib oldi. Bu qadam oziq-ovqat va kimyo mahsulotlaridan tortib, mashinasozlikkacha bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha tarif va notarif to‘siqlarni olib tashlashga yordam beradi.
Ammandagi avgust uchrashuvi bir necha maydonda bir vaqtning o‘zida o‘tkazildi. Yondosh vazirliklar rahbalari muzokarasidan tashqari mahalliy Sanoat palatasi bilan ham aloqa o‘rnatildi. Agrosanoat majmuasi, farmatsevtika ishlab chiqarishi, to‘qimachilik sanoati, AKT va davlat-xususiy sheriklik kabi sohalardagi qo‘shma loyihalar muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni kengaytirish va biznes uyushmalarining bevosita aloqalarini ta’minlash niyatini tasdiqladi.
Iordaniya Savdo palatasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi o‘zaro anglashuv memorandumini imzolab, qo‘shma delegatsiyalar yuborish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, mavzuli seminarlar o‘tkazish va to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha kelishib oldi. Natijada muntazam B2B formatida uchrashuvlar o‘tkazish, tegishli bitimlar tayyorlash uchun sharoit yaratildi.
2022 yil oxiridan boshlab Amman va Toshkent o‘rtasida “Jordan Aviation” aviakompaniyasi Boeing-767 havo kemasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter reyslar amalga oshirmoqda. Sayyohlar va ishbilarmonlar talabidan kelib chiqib qabul qilingan bu qaror sanoat missiyalari va taqdimot turlari tashkil etilishini ham osonlashtirdi.
Umuman, mamlakatlar o‘rtasidagi transport aloqalari allaqachon samara bera boshlagan. Mutaxassis nashrlar ma’lumotiga ko‘ra, reyslar haftada bir martadan ikki haftada bir martagacha davriylikda qo‘yilgan. Bu qulay “havo ko‘prigi”ikki tomon ishbilarmonlik aloqalarini yanada kengaytirish imkonini bermoqda.
Strategik ahamiyat
O‘zbekiston nafaqat geografik jihatdan qulay, balki mintaqaning tabiiy markazi hisoblanadi. Samarqand 2025 yil tarixiy Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo birinchi sammitini qabul qildi. Anjumanda transport-logistikani, muhim xom ashyo va raqamli hamkorlikni rivojlantirish, Transkaspiy yo‘li orqali bozorlarni kashf etish asosiy mavzular sifatida o‘rtaga tashlandi. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizning har tomonlama manfaatli loyihalarni muvofiqlashtirayotgan mintaqaviy markaz sifatidagi o‘rni mustahkamlanayotgani e’tirof etildi.
Iordaniya 2033 yilgacha aniq iqtisodiy kun tartibi (Economic Modernization Vision) va xususiy kapital, DXSH, turizmga yo‘naltirilgan 41 milliard dinorga teng keng ko‘lamli investitsiya “oyna”si bilan Yaqin Sharqdagi tasdiqlangan hamkorimiz hisoblanadi. Mintaqaviy ta’minot zanjiriga qo‘shilish uchun Qizil dengizdagi tugunni shakllantiruvchi Aqaba porti va ASEZA maxsus iqtisodiy zonasi mamlakatning yagona dengiz darvozasi bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekiston eksportchilari uchun bu yo‘nalish “O‘rta yo‘lak”ning quruqlikdagi tarmog‘ini to‘ldiruvchi Levant va Ko‘rfaz mamlakatlari bozoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishni anglatadi.
Transkaspiy magistrali (TITR – O‘rta yo‘lak) allaqachon Yevrosiyo savdosi drayverlaridan biri sifatida tan olingan. Jahon banki O‘zbekiston ishtirokidagi tranzitning sezilarli ulushini qayd etgan. Ekspertlar baholashicha, muqobil yo‘llar orasidagi eng qisqa ushbu yo‘nalish rivojlanishi butun mintaqada o‘sish sur’atini belgilaydi. Toshkent uchun bu – eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va logistika xatarini kamaytirish, Amman uchun – Akaba orqali Markaziy Osiyo mahsulotlarining tabiiy “dengiz yelkasi”ga aylanish imkoniyati, demak.
Manfaatlar mos kelishi madaniy-gumanitar yo‘nalish va islomiy birdamlik kun tartibi bilan ham bevosita bog‘liq.
Qirol Abdulla II O‘zbekistonga tashrif buyurishi yuksak darajadagi ishonch namunasi sifatida ikki tomonlama kun tartibini amaliy harakat bosqichiga o‘tkazdi. Rasmiy xabar bilan tasdiqlangan Samarqand dasturi siyosiy muloqot va asosiy tarmoqlar bo‘yicha iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan. Muloqot yakuni bo‘yicha yangi turkum loyihalarni nazarda tutuvchi hujjatlar to‘plami imzolanishi kutilyapti.
Strategik samara – sinergiyada
Markaziy Osiyoning tayanch markazi va “O‘rta yo‘lak” ishtirokchisi mavqeini kuchaytirayotgan O‘zbekiston Iordaniya timsolida Yaqin Sharq zanjirining ishonchli xalqasi – Akaba porti infratuzilmasi va “Vision-2033” investitsiya kun tartibiga ega bo‘ladi. Iordaniya, o‘z navbatida, logistikani diversifikatsiya qilish va respublikamiz bilan texnologik, agro va sanoat hamkorligi orqali Markaziy Osiyoning o‘sib borayotgan bozoriga kirmoqda. Boshqacha aytganda xavfsizlik, taraqqiyot, madaniy diplomatiya va islomiy birdamlik borasidagi manfaatlar tobora bir-birini to‘ldirmoqda.
Faraz – kelajakka ishonchning ehtiyotkor vositasi
Mazkur tashrif muayyan doiralar kelishuvlari asosida rejadan bitimlarga o‘tish maydoni – o‘zaro yetkazib berilayotgan mahsulot turi ro‘yxatini kengaytirish, Akaba va TITR orqali barqaror logistika zanjirini yaratish, o‘zaro turizm va akademik almashinuvni chuqurlashtirish, eng muhimi – xususiy kapital va davlat-xususiy sherikligi asosida qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini ilgari surish imkonidir. Bunday yo‘l 2025 yil tendensiyasiga javob beradi, nafaqat ikki mamlakat, balki Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mintaqalari barqarorligiga hissa qo‘shishga qodir.
Avgust oyidagi muzokaralarda o‘zaro sayohat qamroviga e’tibor qaratilganini inobatga olib, turizm B2B aloqalari uchun “yumshoq rag‘batlantiruvchi” sifatida ko‘rib chiqilyapti. Bu dam olish kunlari uchun hordiq to‘plami va sanoat sayohatini ko‘zda tutadi. Korxonalar, ko‘rgazma maydonlari bilan tanishish tashrif dasturi bilan uyg‘unlashadi. Iordaniya tomoni ham tartib-qoidani soddalashtirish, turizm almashinuvini kengaytirish zarurligini ma’qullagan.
Yana bir muhim yo‘nalish – ziyorat va madaniy-tarixiy turizm. Iordaniyaliklar Samarqand va Buxoroga so‘fiylik merosini o‘rganish, islom me’morchiligi bilan tanishish uchun keladi. O‘zbekistonliklarda esa muqaddas maskanlar, noyob yodgorliklar hududi sifatida Amman, Madaba, Petra, Vadi Ram, Iordan ortidagi Betaniyaga sayohat qilish talabi yuqori. To‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa va ICESCO yo‘nalishi bo‘yicha faol ilgari surilayotgan madaniy kun tartibi mavjudligi bir yilga mo‘ljallangan ikki tomonlama dasturlar uchun sharoit yaratmoqda.
Madaniy-gumanitar aloqa
Gumanitar yo‘nalish tizimli rivojlanmoqda: Samarqand ICESCO doirasida “2025 yil Islom dunyosining madaniy poytaxti” maqomini olgan. Dastlabki tadbirlardayoq Iordaniya delegatsiyasi ishtirok etdi. Demak forum, festival, ko‘rgazma va ilmiy anjumanlar tabiiy taqvimi shakllanib,o‘zaro “ishonch diplomatiyasi” mustahkamlayapti.
Ta’lim
Ishbilarmonlik uchrashuvlari doirasida tomonlar ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikka muntazam qiziqish bildirmoqda. 2024-2025 yillarda akademik almashinuv, mavzuli amaliyot va qo‘shma dasturlarni, jumladan, tarmoq uyushmalari va universitetlar ishtirokida o‘tkazish maqsadga muvofiqligi ma’qullangan.
Madaniyat vazirliklari va ICESCO yo‘nalishi bo‘yicha madaniyat haftaliklari loyihalari, ijodiy jamoalar almashinuvi, islom san’ati va hunarmandligi aks etgan qo‘shma ko‘rgazmalar namoyishi masalalari muhokama qilinmoqda. 2025 yilgi Samarqand dasturi Iordaniya va O‘zbekiston madaniy merosini o‘zaro taqdim etish uchun maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Tomonlar tarixiy-diniy va madaniy yo‘nalish salohiyatini baholashda yakdil fikrga ega: ziyorat yo‘nalishi, talabalar almashinuvi uchun ta’lim turlari va tadbir turizmi – anjuman, festival, investitsiya forumlar. Shu tariqa ishbilarmonlik aloqalari kun tartibi bevosita qo‘llab-quvvatlanadi.
Abduaziz Xidirov,
O‘zA sharhlovchisi