Joriy yilning 22-23 avgust kunlari butun mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilgan “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostidagi umumxalq xayriya hasharida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi hamda uning shahar, tuman bo‘limlari xodimlari ham faol ishtirok etdi.
Eng ulug‘, eng aziz bayramimizning o‘ttiz to‘rt yilligi arafasida tashkil etilgan ikki kunlik hasharda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ulug‘vor g‘oyani diliga joy qilgan Byuro xodimlari tomonidan tashkilotlarning binosi va uning atroflari, hududlarda keng ko‘lamli ozodalik va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Qolaversa, nihol va gul ko‘chatlari o‘tqazilib, mavjud yashil hududlarga ham chiroyli ko‘rinish berildi.





– Hashar ota-bobolarimizdan avlodlarga yetib kelayotgan ezgu qadriyatdir. Shunday ekan, unga bugungi Yangi O‘zbekistonning har bir kishisi, avvalo, qalb amri bilan kirishdi, – deydi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Sohibjon Rafiqov. – Bunday xayrli tashabbuslar tashkilotlarda, umuman olganda, jamoatchilik orasida ahillik va hamjihatlikni mustahkamlash, atrof-muhitni yanada obod qilish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.