Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 20-turi o‘z yakuniga yetdi. Ushbu turning so‘nggi kunida OKMK va "Xorazm", “Surxon” hamda “Nasaf” klublari o‘zaro raqobatlashdi. Jumladan Olmaliqda o‘tgan uchrashuvda OKMK 3:1 hisobida “Xorazm” ustun kelgan bo‘lsa, “Surxon” maydoniga safar qilgan “Nasaf” 1:2 hisobida yakunlandi.
Natijada, "Nasaf" 43 ochko bilan chempionatdagi birinchi o‘rnini saqlab qoldi. "Neftchi" esa 42 ochko jamg‘arib, Qarshi shahri jamoasini ta’qib etishda davom etmoqda. Shuningdek, "Dinamo" 38, OKMK 37 va "Paxtakor" 36 ochko bilan kuchli beshlikdan joy oldi. "Bunyodkor"esa 35 ochko to‘plab oltinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, "Navbahor" 32 ochko bilan 7-pog‘onada qoldi.

Superliganing 8-11 o‘rinlaridan "Qizilqum" 26, "Surxon" 23, "So‘g‘diyona" va "Andijon"klublari 21 ochko bilan joy oldi. "Xorazm" esa 19 ochko bilan 12-pog‘onada qayd etildi. Bir xil 18 ochkoga ega bo‘lgan "Mash’al" va "Qo‘qon-1912" klublari 13-14 –o‘rnga joy oldi. O‘tgan 20 tur mobaynida "Buxoro" 17, "Sho‘rtan" esa bor-yo‘g‘i 11 ochkoni qo‘lga kiritib, chempionatning autsayder jamoasi bo‘lib turibdi.
Milliy chempionatimizda o‘zining yorqin o‘yinlarini namoyish etayotgan Igor Sergeyev ("Paxtakor") ayni damda 12 ta gol urgan holda Superliga to‘purarida karvon boshilik qilmoqda. Uni Husayn Norchayev ("Nasaf") 11ta gol bilan taq’ib etmoqda. "So‘g‘diyona" futbolchisi Lyupcho Doriyev 10 ta gol urgan holda ushbu ro‘yxatning uchinchi pog‘onasidan o‘rin oldi.

Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, Superliganing 21-tur o‘yinlari 11-14 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Ikki haftalik tannafusdan so‘ng, quyidagi bahslarga guvoh bo‘lamiz:
11 sentyabr: "Nasaf" — "Buxoro", "Dinamo" — "Andijon";
12 sentyabr: "Navbahor" — "Surxon", "So‘g‘diyona" — OKMK, "Mash’al" — "Sho‘rtan";
13 sentyabr: "Paxtakor" — "Neftchi", "Qo‘qon-1912" — "Qizilqum";
14 sentyabr: "Bunyodkor" — "Xorazm".
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA