Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Samarqand filiali shifokorlari tomonidan respublikamiz tibbiyot tizimida birinchilardan bo‘lib, insultni davolash yuzasidan yangicha yondashuvlar asosida yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Filialning angiografiya bo‘limi shifokori Farrux Qilichev rahbarligida tajribali radiolog, kardiolog, nevrolog va qon-tomir jarrohlari hamkorligida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti davomida Jizzax viloyat G‘allaorol tumanidan insult tashxisi bilan kelgan 34 yoshli A.J.da sun’iy intellekt qo‘llangan holda kasallikni davolashning yangicha yondashuvi amalga oshirildi.


Bemorda zamonaviy angiografiya uskunalar orqali yuqori sifatli tasvirlar olinib, minimal invaziv yo‘l orqali bosh miya qon tomirlaridagi tromblar ochilib, uzoq muddatli davolashning oldi olindi. Hozirgi vaqtda bemorning ahvoli qoniqarli, u shifokorlar nazorati ostida davolanmoqda.


Yaqinda Prezidentimiz huzurida sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilish va tibbiy yordam sifatini oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan takliflar taqdimotida so‘nggi yillarda ba’zi kasalliklar qatori insultga chalinish holatlari ko‘payayotgani taassuf bilan qayd etildi. Shu sababli birlamchi bo‘g‘inda sun’iy intellektni keng qo‘llagan holda bunday kasalliklarning oldini olish va davolash bo‘yicha yangicha protokol hamda yondashuvlar joriy qilinishi aytilgandi. Samarqandlik shifokorlar ushbu talab asosida insultni jarrohlik yo‘li bilan davolashni yo‘lga qo‘yayotgani e’tiborli.
G‘. Hasanov, O‘zA muxbiri