Jizzax viloyati Paxtakor tumanida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev ishtirok etdi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Unda Paxtakor tumani hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimiga Abduvohidov Husan Bo‘ltakovichning nomzodi taqdim etildi.

Viloyat hokimining Abduvohidov Husan Bo‘ltakovichni Paxtakor tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlash to‘g‘risidagi qarori deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
Ma’lumot uchun: Abduvohidov Husan Bo‘ltakovich tayinlovga qadar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihada moliyaviy masalalar bo‘yicha maslahatchi sifatida faoliyat yuritib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, Paxtakor tumani hokimi lavozimini 2022 yildan buyon Ashurov Asilbek Rahmonovich egallab kelayotgan edi. U sessiya qaroriga muvofiq Sharof Rashidov tumani hokimi etib tayinlandi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri