Parkent bugun go‘zal xushmanzara tabiati, eng sara turli bog‘dorchilik mahsulotlari bilan o‘ziga chorlamoqda. Parkent tumanida uchinchi bor “Uzum sayli” va xalqaro vinochilik festivali boshlandi.
Mazkur tadbirni tashkil etishdan asosiy maqsad mamlakatimizning turizm salohiyatini namoyish etish, milliy mahsulotimiz brendini jahon bozorida munosib o‘ringa ega bo‘lishini ta’minlashdir. Shu bilan birga, qadimiy uzumchilik va vinochilik tajribasi hamda bog‘dorchilik mahsulotlarining noyob tur va navlarini keng ommalashtirish ko‘zda tutilgan.
Bugungi festivalda Italiya vinochilik uyushmasi rahbari Leonardo Kommuchi, Florensiya Xalqaro marketing va vino uyushmasi direktori Lutsiana Sao, Turkiya davlatining Kappadokiya universiteti professori Xaliburak Sakal, shuningdek, Indoneziya, Serbiya, Rossiya, Koreya, Singapur, Belarus, Gruziya, Ozarbayjon kabi 30 dan ortiq davlatlardan olimlar, ekspertlar va sohaning yirik namoyondalari ishtirok etmoqda.
[gallery-24910]
Festival Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston fermerlar uyushmasi hamkorlikda o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalaridan vakillar ham taklif etilgan. Saylga kelgan mehmonlar maxsus pavilonlarda barcha viloyatlardan va Toshkent viloyatining tuman-shaharlaridan kelgan fermer xo‘jaliklari, tadbirkorlarning mahsulotlari bilan tanishmoqda. Bu yerga kelayotgan xorijlik va mahalliy mehmonlar uchun maxsus transportlar ham qo‘yilgan.
– Oxirgi yillar hududimizdagi uzumzorlar tarmoqda amalga oshirilgan sa’y-harakatlar tufayli 19 ming gektarga yetkazildi, – deydi Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari J.Bobojonov. – Ularning 38 foiziga zamonaviy suv tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan. Yetishtirilayotgan hosilning 40 ming tonnadan ortig‘i 11 ta davlatga, vino mahsulotlari esa 9 ta davlatga eksport qilinadi. Kelgusi 3 yilda viloyatda yana 20 ming gektar hosildor uzum plantatsiyalarini yaratish rejalashtirilgan.
Festival kun tartibiga asosan bir qator xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, biznes-seminarlar, xorijiy va mahalliy yetakchi mutaxassislarning mahorat darslari o‘tkaziladi. Xususan, “Uzumchilikda innovatsiyalar va agrotexnologiyalarni joriy etilishida O‘zbekiston va xalqaro tajribasi” mavzusidagi ilmiy-konferensiya o‘tkazildi.
Shu bilan birga, mehmonlar uchun vinolar degustatsiyasi va auksionlar ham rejalashtirilgan. Tadbirning asosiy kechki dasturida esa ko‘rgazmalarni ko‘zdan kechirish va baholash, festivalning ochilish marosimi, konsert dasturlari ham namoyish etiladi.
– Mazkur festivalga qiziqish xorij davlatlarida ham ortib boryapti, – deydi Italiya vinochilik uyushmasi rahbari Leonardo Kommuchi. – Birgina Italiya poytaxti Rim, Milan kabi shaharlardan, Turkiya davlatidan bu tadbirga kelish uchun aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Umuman olganda, O‘zbekistonda yetishtirilgan uzum juda shirin va shuning uchun ham undan tayyorlanadigan mahsulotlarga talab yil sayin ortmoqda. Bu o‘z navbatida xalqaro bozorda mamlakatingiz brendi ostidagi uzum mahsulotlarining narxini oshiradi. Festival doirasida tashkil etilgan ilmiy konferensiyalar sohada faoliyat yuritayotgan olimlarni bir joyga jamladi. Bundan katta natijalar olish mumkin.
Festivalning biznes zonasida taqdimotlar, muzokaralar o‘tkaziladi. Shartnomalar va bitimlar imzolash uchun sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, folklor jamoalari, estrada san’atkorlari chiqishlari, xalq urf-odatlari va an’analarini aks ettiruvchi keng ko‘lamli madaniy dasturlar ham belgilangan.
Aslida Parkent uzumchilik tarixi bevosita shu yerlik Tojivoy Rizayev nomi bilan bog‘liq. Ko‘p yillik samarali mehnati uchun va el-yurt farovonligiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun 2001 yilda Tojivoy Rizayevga O‘zbekiston Qahramoni unvoni berilgan. Hozirda Zarkent ahlining har biri tadbirkor. Ular endi har bir qarich yerdan, har tomchi suvdan unumli foydalanib, daromad olishni biladi. Zarkentliklar endi oddiy bog‘bon emas, ularning har biri suvsiz yerlarda uzum yetishtirish, uzumni qayta ishlash, bir necha oy saqlash texnologiyalarini mukammal o‘zlashtirgan mutaxassisdir.
Uzumning mahalliy “Rizamat” navi esa dunyoga mashhurdir. U Shreder nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institutining Samarqand filialida Kattaqo‘rg‘on va Parkent uzum navlarini chatishtirib chiqarilgan. Sohibkor Rizamat Musamuhamedov sharafiga uning nomi bilan atalgan.
Umuman olganda, ikki kun davom etadigan festival taniqli estrada yulduzlari, san’at ustalari ishtirokidagi konsert dasturi bilan yanada fayzli o‘tadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/jmGa9sR3Zng" title="“Uzum sayli” va xalqaro vinochilik festivali boshlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Musayev, A.Alijonov (surat, video), O‘zA.