Prezidentimizning shu yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan huquq-tartibot va boshqa tegishli idora va tashkilotlar uchun har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ustuvor vazifa etib belgilandi.
Mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan bir qator yo‘l xaritalari hamda mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini oshirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlandi.

Qaror ijrosini samarali ta’minlash maqsadida Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi tomonidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev, Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari A.Rahmatullayev hamda Prezident Administratsiyasi Departament boshlig‘i o‘rinbosari S.Gordeyevlar rahbarligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida qaror ijrosi doirasida qilinayotgan ishlar tahlil qilindi.

Yig‘ilishda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, ijtimoiy-maishiy tusdagi jinoyatlarning oldini olish borasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar birma-bir ko‘rsatib o‘tilib, tanqidiy muhokama qilindi.
Tadbir yakunida mas’ullar tomonidan yaratilgan hudud tajribalarini taqdimot qilish, bu borada o‘rnak ko‘rsatib, ijobiy natijalarga erishgan hududiy mutasaddilarni rag‘batlantirish hamda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yganlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish haqida topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda prokuratura, hokimlik, ichki ishlar va boshqa mutasaddi idoralarning kelgusidagi vazifalari belgilab olinib, tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA