Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Bahrom Abdullayev Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida targ‘ib qilish hamda Senat Kengashining “Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyatida bo‘lib turibdi.
Oliy Majlis Senati qo‘mitasi raisi dastlab Samarqand viloyati hokimligida Senat Kengashi qarori bilan tasdiqlangan viloyat, shahar va tuman ishchi guruhlari bilan Samarqandda oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi yoshlarini ish bilan ta’minlash borasidagi ishlarni muhokama qilindi.
Yig‘ilishda zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda oliy ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.

– 8 avgust kuni davlatimiz rahbari tomonidan ushbu masala atroflicha muhokama qilinib, ish beruvchilar va oliy ta’lim muassasalari rahbarlarining, hokimliklarning vazifalari aniq belgilab berildi, – dedi Bahrom Abdullayev. – Senat Kengashining qarorida ham bu boradagi masalalar aniq-ravshan bayon qilingan, hududlardagi ishchi guruhlarning mas’uliyati qayd etilgan. Bugungi kunda Samarqand viloyatida 19 ta davlat va xususiy oliy ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatib, ularni har yili minglab yoshlar bitirmoqda. Mehnat bozoriga kirib kelayotgan bu yoshlar bandligini ta’minlash mahalliy hokimlik va tashkilotlarning ustuvor vazifasi bo‘lishi kerak. Bugun davlatimiz rahbarining oldimizga qo‘ygan talabi aynan shunday.

Yig‘ilishda talabalar amaliyot dasturlarini takomillashtirish, ta’lim jarayonlarini amaliy mashg‘ulotlarga yo‘naltirish hamda tadbirkorlik sub’ektlari, ish beruvchilar bilan hamkorlik o‘quv dasturlari tuzib, ularning talab va ehtiyojiga mos mutaxassislar tayyorlash zarurligi qayd etildi.
Shundan so‘ng Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi Samarqand shahridagi Navbog‘chiyon mahallasi yettiligi faoliyati bilan tanishdi.

Mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va yettilik tomonidan olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi. Xususan, aholi xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida hududda 250 dan ortiq kuzatuv kameralari o‘rnatilgani alohida ta’kidlandi. Ushbu kameralar asosiy ko‘chalar, jamoat joylari, ta’lim muassasalari, bolalar maydonchalari va kirish-chiqish nuqtalarini to‘liq qamrab olgan bo‘lib, jinoyatchilikning oldini olish, tartib-intizomni ta’minlash va fuqarolarning osoyishtaligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Kuzatuv tizimi mahalla faollari va profilaktika inspektori tomonidan markazlashgan tarzda boshqarilmoqda. Buning natijasida mahalla ichidagi holat onlayn monitoring qilinmoqda, turli huquqbuzarlik holatlarining oldi olinmoqda va jamoat xavfsizligi yuqori darajaga ko‘tarilmoqda.
Mahalladagi aholi xonadonlariga quyosh panellari o‘rnatilib, muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanilmoqda. Aholining farovonligini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, bandlikni ta’minlash hamda yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar ijobiy baholandi.
Bahrom Abdullayev viloyatning Toyloq tumanida Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan “Uch avlod uchrashuvi”da qatnashib, ishtirokchilarni Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari, xalqimiz turmush darajasi oshib borayotgani qayd etildi.
G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri.