Yevropa davlatlari va Ukrainaning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari bugun AQSH Davlat kotibi, ayni paytda AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi vazifasini ham bajaruvchi Marko Rubio bilan uchrashib, Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda, deb xabar tarqatdi “The New York Times” gazetasi.
“Axios” nashri avvalroq, Rubio xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun AQSH, Yevropa va Ukraina vakillaridan iborat komissiyaga rahbarlik qilishi haqida yozib chiqqan edi.

Nashrga ko‘ra, AQSH xavfsizlik kafolatlari Yevropa amaliyotlarini havodan qo‘llab-quvvatlash va’dasini yoki Ukrainadagi missiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Vashingtonning razvedka yordamini, shuningdek, Qora dengizga kuchlarni joylashtirishni o‘z ichiga olishi mumkin.
Bundan tashqari, ular xavfsizlik kafolatlarining qonuniy kuchini qanday ta’minlashni, jumladan, AQSH Kongressi tomonidan tasdiqlanishi kerakmi yoki yo‘qmi, degan masalani ham hal qilishi kutilmoqda.

Avvalroq, Germaniya kansleri Fridrix Mers Vashingtondagi Ukraina bo‘yicha uchrashuv yakunlari yuzasidan Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarida kim va qay darajada ishtirok etishi masalasi yevropalik hamkorlar va AQSH hukumati bilan muhokama qilinishi kerakligini aytgan edi.
S.Rahimov, O‘zA