“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasida davlat xaridida raqobat va xolislik prinsipiga amal qilish zarurligi aks etgan.
Unga ko‘ra, davlat xaridlaridagi raqobat xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari o‘rtasidagi, davlat xaridlari elektron tizimlarining operatorlari o‘rtasidagi va ixtisoslashgan tashkilotlar o‘rtasidagi tortishuv, xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflarini ko‘rib chiqishda hamda xolis va asosli mezonlar asosida eng maqbul taklif foydasiga yakuniy qaror qabul qilishda beg‘arazlik va shaffoflik mexanizmlaridan foydalanish hisobidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Davlat xaridlarining xolisligi xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflarini ko‘rib chiqishdagi, shuningdek, eng maqbul variant foydasiga yakuniy qaror qabul qilishdagi beg‘arazlikni nazarda tutadi.
Davlat xaridlarining xolisligi xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilariga teng imkoniyatlarni ta’minlashga, davlat xaridlari sub’ektlari o‘rtasida raqobatni va ularga nisbatan beg‘arazlikni ta’minlaydigan shart-sharoitlarni yaratishga, davlat xaridlari jarayonida shikoyatlar, nizolar va kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqishning hamda tegishli chora-tadbirlar ko‘rishning ochiq, oshkora va tortishuv mexanizmlariga asoslanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazilayotgan o‘rganishlarda qonunning mazkur talablari buzilayotgani aniqlanmoqda.
Masalan, Buxoro tibbiyot instituti buyurtmasi asosida boshlang‘ich qiymati 8,6 milliard so‘mlik “aqlli issiqxona qurish xizmati ko‘rsatish” yuzasidan o‘tkazilgan davlat xaridida qator qonunbuzilish holatlari sodir etilgan. Ya’ni, aynan ushbu davlat xaridida qonun talablariga zid ravishda harakat qilingani aniqlandi.
O‘rganish davomida ushbu tanlovda ishtirokchilar uchun raqobatni sun’iy ravishda cheklovchi shartlar kiritilgani, tanlov hujjatlarida aks etgan talablar asosida takliflar to‘liq va xolis baholanmagani, shuningdek, baholash jarayonida qator xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani tasdiqlandi.
Qayd etilgan holat yuzasidan Agentlikning taqdimnomasi asosida xarid komissiyasining g‘olibni aniqlash haqidagi bayonnomalari bekor qilinib, noqonuniy davlat xaridining oldi olindi.
O‘rganish va tahlillar jarayonida to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
N.Abduraimova,
O‘zA