Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasi 20-turidan o‘rin olgan Jizzaxning “So‘g‘diyona” va Samarqandning “Dinamo” jamoalari o‘rtasidagi bahs Jizzax markaziy stadionida bo‘lib o‘tdi. Stadion muxlislar bilan to‘ldi.
O‘yin murosasiz va yuqori sur’atda boshlandi. Har bir to‘p uchun kurash bo‘ldi. Futbolchilarning maydondagi harakatlaridan ikki tomon ham g‘alaba uchun bor kuchi bilan o‘ynayotgani sezilib turardi.

Birinchi bo‘limda mehmonlar — “Dinamo” jamoasi faolroq harakat qildi. 29-daqiqada ularning qarshi hujumi gol bilan yakunlandi. Hujumchi Anvar Hojimirzayevning kuchli zarbasini “So‘g‘diyona” darvozaboni Milan Mitrovich qaytardi, ammo qaytgan to‘pni Mahmud Mahamadjonov aniq zarba bilan darvoza to‘riga mixlab qo‘ydi – 0:1. Bu Jizzaxga kelgan ko‘p sonli “Dinamo” muxlislarining kayfiyatini ko‘targan bo‘lsa, mezbon futbolchilarning shiddatini oshirdi.

Birinchi taym yakuniga yaqin esa bahsli vaziyat yuzaga keldi. “Dinamo” darvozaboni Edem Ne’manov to‘pni qo‘lga olgan paytda uni taqib qilayotgan “So‘g‘diyona”nig makedoniyalik legioneri Lyupcho Doriyev ortiga qaytdi. Shu payt darvozabon Doriyev ortidan kelib unga to‘qnashib ketdi va to‘pni qo‘ldan tushirib yubordi. Doriyev to‘pni egallab olib, bo‘sh qolgan darvozaga yo‘lladi. Ammo bosh hakam Ilgiz Tantashev bu vaziyatga orqa o‘girib turgan bo‘lsada, Doriyev tomonidan qoida buzilgan deb topdi va golni inobatga olmadi. Bosh hakam VARga murojaat qilmadi, VAR bu holatga aralashmadi.

Ikkinchi taymda “So‘g‘diyona” hisobni tenglashtirish uchun bor imkoniyatlarini ishga soldi. Jamoa bir necha bor “Dinamo”ning himoya chizig‘ini yorib o‘tishga urindi. Ammo mezbonlar tomonidan berilgan zarbalar yoki noaniq ketdi, yoki darvozabon tomonidan qaytarildi. Tinib-tinchimas Doriyevning o‘zi 4 ta golli vaziyatdan foydalana olmadi. Bir vaziyatda Rubin Xebay raqib posboni bilan birga-bir vaziyatga chiqdi, ammo to‘pni aniq yo‘llay olmadi.

O‘yinning eng dramatik qismi hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtda boshlandi. 90+6 daqiqada “Dinamo”ning jarima maydonida bahsli vaziyat yuzaga keldi. Avval hakam o‘yinni davom ettirdi. Biroq VAR vaziyatga aralashib, epizod qayta ko‘rib chiqilgach, “So‘g‘diyona” foydasiga penalti belgiladi.
Lyupcho Doriyev 11 metrlik nuqtadan zarbani aniq amalga oshirib, hisobni tenglashtirdi - 1:1.Stadion muxlislar quvonchidan larzaga keldi. “Dinamo” deyarli qo‘lga kiritilgan uch ochkodan mahrum bo‘ldi.

Shu kuni bo‘lib o‘tgan G‘uzorning “Sho‘rtan” va Namanganning “Navbahor” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv ham – 3:3 hisobidagi jangovar durang bilan yakunlandi.
20-turning qolgan bahslari 21- 23 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri