Efiopiyaning shimoli-sharqidagi Afar mintaqasida olib borilgan ko‘p yillik arxeologik tadqiqotlar davomida qadimiy toshqotgan tishlar topildi. Olimlarning farazicha, bu tishlar 2 mln 600 – 2 mln 800 ming yil avval aynan shu yerda ikki xil inson ajdodi yashaganini ko‘rsatadi. Qizig‘i shundaki, ulardan biri ilm-fanga hali noma’lum bo‘lgan yangi tur bo‘lishi mumkin. Bu haqda CNN xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, 2015 yilda topilgan 3 ta tish homo turiga mansub bo‘lsa, 2018–2020 yillarda aniqlangan 10 ta tish avstralopitek turiga tegishli ekani qayd etilgan. Tadqiqot natijalari Nature jurnalida chop etilgan.
Xitoyda 17 yoshli qiz sevgilisini 14 ming dollarga qul qilib sotib, Tailandga dam olishga ketdi. Bu haqda The Times xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, 19 yoshli yigit Guanchjoudagi bilyard klubida bir qiz bilan tanishib qolgan. U o‘zini badavlat merosxo‘r deb tanishtirgan, shundan so‘ng ish va “qarindoshlik aloqalari”ni va’da qilib, uni Myanmaga borishga ko‘ndirgan. Ammo chegara yaqinida yigitni qurollangan firibgarlar olib ketgan, qiz esa g‘oyib bo‘lgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin amerikalik hamkasbi Donald Tramp bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida uning Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvini Moskvada o‘tkazishni taklif qildi. Tramp 18 avgust kungi uchrashuv vaqti kutilmaganda Ukraina va Yevropa delegatsiyalari bilan muzokaralarni to‘xtatib, Rossiya prezidentiga qo‘ng‘iroq qilgandi.
AQSH Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish doirasida u yerda qo‘shin joylashtirishni rejalashtirmayapti. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi ma’lum qildi.
“Prezident AQSH harbiy xizmatchilarining Ukraina hududida bo‘lmasligi haqida aniq fikr bildirdi. Biroq, biz, shubhasiz, Yevropadagi ittifoqchilarimiz bilan muvofiqlashtirish ishlarida yordam berishimiz va ehtimol, xavfsizlikni ta’minlashning boshqa choralarini taklif etishimiz mumkin”, dedi u jurnalistlar uchun doimiy brifingda.
Meksikaning nisbatan osoyishta hisoblangan Puebla va Tlakskala shtatlarini bog‘lovchi yo‘l yoqasidan 19 avgust kuni 6 nafar erkakning uzilgan boshi topildi. Bu haqda BBC xabar berdi. Mahalliy huquq-tartibot organlariga ko‘ra, ushbu shtatlar avval kartellarga oid jinoyatlar va zo‘ravonliklar bilan tanilmagan. Politsiya hozircha qotilliklar sababi yoki jinoyat ortida qanday jinoiy guruh turgani borasida izoh bermayapti. Biroq mahalliy OAVning xabar berishicha, hodisa joyida adyol qoldirib ketilgan bo‘lib, unda ogohlantiruvchi yozuv qayd etilgan. Mazkur xabarda raqib jinoiy guruhlarga tahdid yo‘llangan bo‘lib, u “La Barredora” (ya’ni “Supuruvchi”) nomidan imzolangan.
O‘nga yaqin davlat Ukrainaga qo‘shinlarini yuborishni rejalashtirmoqda. Bu haqda anonim manbalarga tayanib, Bloomberg xabar berdi. Yevropa yetakchilari 19 avgust kuni bo‘lib o‘tgan onlayn uchrashuvda Ukrainadagi urush tugagach qo‘shin yuborishni muhokama qilgan. Xususan, tinchlik kelishuvi doirasida Britaniya va Fransiya harbiylarini yuborishni ko‘rib chiqmoqda. Qo‘shinlarning soni va joylashuviga aniqlik kiritilmagan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/lgm-V-eE4Qg" title="Xalqaro dayjest" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA