Prezidentimiz biznesni qo‘llab-quvvatlashning eng muhim instrumenti moliyaviy xizmatlar ekanini ta’kidladi.
Yaxshi loyihalarga pul qidirayotgan tadbirkorlar ko‘p, investitsiya kiritaman, deganlar ham yetarli.
Amaldagi tartibga ko‘ra, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar investitsiya kiritayotgan shaxsni ta’sischi qilib olishga majbur. Lekin, bunga hamma ham rozi bo‘lmaydi. Shu bois resurs bo‘yicha asosiy yuklama haligacha banklarga tushayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Endilikda loyihaga soddalashgan tartibda mablag‘ jalb qilish bo‘yicha investitsiya platformasi ishga tushiriladi. Bunda barcha korxonalar o‘zining loyihasini bu platformaga joylashtiradi, potensial investorlar esa istalgan loyihani tanlab, sarmoya kiritishi mumkin bo‘ladi.
Eng muhimi, investor ta’sischi emas, ulushdor sifatida daromadga sherik bo‘ladi, kiritgan mablag‘i kafolatli himoyalanadi.
Tadbirkorlar ushbu yangi tizim orqali yiliga qo‘shimcha 1 milliard dollar mablag‘ jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti davom etmoqda.
O‘zA