Shu kunlarda Bolgariyaning Samokov shahrida sport kurashlari bo‘yicha yoshlar (U-20) o‘rtasidagi jahon chempionati musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda.
Kecha terma jamoamizning ikki nafar a’zosi medallar yo‘lidagi kurashlarda gilamga chiqdi.

Umidli erkin kurashchimiz ikki karra Osiyo chempioni Sherzod Poyonov 92 kilogramm vazn toifasidagi ilk davrada gretsiyalik Grigorios Saridisni 12-1, 1/8 finalda yaponiyalik Sorato Kanazavani 16-6, 1/4 finalda kanadalik Sinx Grevalni 10-3, 1/2 finalda rossiyalik Gadjimurad Gadjibatirovni 4-1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Bugun hamyurtimiz jahon chempionligi uchun qozog‘istonlik Kamil Kurugliyev bilan kechadigan bellashuvda ishtirok etadi.
Aytish lozimki, Sherzod Poyonov - Kamil Kurugliyev o‘tgan yilgi Osiyo chempionati finalida ro‘baro‘ kelib, hamyurtimiz raqibini 4-2 hisobida mag‘lub etgan edi.
Chempionatda qatnashayotgan yana bir erkin kurashchimiz Sanjarbek Rustambekovda jahon chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritish imkoniyati mavjud. Buning uchun u -65 kg vazn toifasining o‘tish bosqichida armanistonlik Arman Musikyanni dog‘da qoldirishi talab etiladi.
Eslatib o‘tamiz, sport kurashlari bo‘yicha o‘tayotgan jahon chempionati 24 avgustga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA