AQSHning Sent-Luis shahrida shaxmat bo‘yicha boshlangan “Sinquefield Cup-2025” xalqaro turnirining ilk turida Nodirbek Abdusattorov AQSH vakili Levon Aronyan bilan ro‘baro‘ keldi.
Oq donalarda harakatlangan hamyurtimizda g‘alabaga teng durangga erishish imkoni bor edi. Biroq, 27, 34, 37 va 39-yurish vaziyatlaridagi kichik xatoliklar, vaqt to‘g‘ri taqsimlanmagani oxir-oqibat o‘z so‘zini aytdi. Aronyan 1-turda Nodirbekdan ochko tortib olishga muvaffaq bo‘ldi.

Bugun, 19 avgust kuni mukofot jamg‘armasi 350 ming AQSH dollaridan iborat turnirning 2-turida Abdusattorov qora donalarda jahon chempioni Dommaraju Gukesh qarshiligini yengishga harakat qiladi.

Aytish lozim, "Grand Chess Tour"ning yakuniy klassik bosqichi sanalgan mazkur musobaqaning kecha o‘tgan 1-turida Gukesh ham Abdusattorov singari ochko yo‘qotdi. U hamyurti Rameshbabu Praggnanadxaga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, 27 avgustga qadar davom etadigan xalqaro turnirda g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 100 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritsa, so‘nggi 10-o‘rindan joy olgan ishtirokchi 10 ming 500 AQSH dollariga ega chiqadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA