Endilikda mamlakatimizda yetishtirilgan yangi uzilgan o‘rik, olxo‘ri va nektarin, shuningdek po‘sti olinmagan yong‘oq va bodom Misr davlatiga eksport qilinishi mumkin. Bu yurtimiz qishloq xo‘jaligi eksportidagi yana bir muhim qadam hisoblanadi. Masalan, ushbu davlatda o‘rik mevalariga bo‘lgan talab yuqori. Zero, iqlim jihatidan ko‘pgina sitrus, tropik va subtropik mevalar yetishtirishga ixtisoslashgan ushbu davlat bozorida o‘rik odatiy mahsulot emas.
– O‘tkazilgan marketing tadqiqotlari natijalari hamda tadbirkorlik sub’ektlari murojaatiga ko‘ra O‘simliklar karantini va himoyasi agentiligi tomonidan Misr davlati vakolatli organlari bilan hamkorlikda qator muzokaralar o‘tkazilib, 5ta mahsulotga fitosanitar ruxsatlar olinishiga erishildi, - deydi O‘simliklar karantini va himoyasi agentiligining Markaziy eksport shtabi xodimi Ilyosbek Ikromjonov. - Yuklar xalqaro standartlarga mos rasmiylashtirilishi lozim. Misr tomonidan rasmiylashtirilgan import ruxsatnomasi fitosanitariya sertifikatida aniq ko‘rsatilishi lozim. Yuk jo‘nalishidan oldin ko‘zdan kechirilishi Misr uchun ahamiyatga ega bo‘lgan zararkunandalardan xoli bo‘lishi kerak.
Misrga fitosanitar ruxsatnoma asosida yuklanishi rejalashtirilayotgan mahsulotlar inspektorlar tomonidan tekshirilib, Misr uchun karantin ahamiyatiga ega zararkunandalardan xoli ekanligi tasdiqlangan taqdirda eksportga ruxsat etiladi. Sababi har bir davlatning meva sabzavotlar importida ma’lum talablar amal qiladi. Misr fitosanitar xizmatlari tomonidan ham shunday talablar joriy etilgan. Qayd etish lozim, mamlakat Afrika va Yaqin Sharq mintaqasidagi eng yirik iste’mol bozorlaridan biri bo‘lib, 110 million nafardan ortiq aholiga ega. Meva-sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talab yil davomida mavjud bo‘lgani uchun har yili yuz minglab tonna yangi uzilgan mahsulotlarni import qiladi. Hozirda 25 turdagi mahsulot — gilos, uzum, olma, anor, o‘rik, olxo‘ri, nektarin, po‘sti olinmagan yong‘oq, bodom va 17 turdagi quritilgan mahsulotlar eksporti uchun ruxsat olingan.
Yangi turdagi mahsulotlarga ruxsat olinishi nafaqat yurtimiz eksport geografiyasini kengaytiradi, balki Yaqin Sharq va Afrika bozorlariga kirish uchun muhim ko‘prik vazifasini bajaradi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining mavsumiy sotuv davri uzayadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/A4Xp6c1ryIg" title="Misr HD 2" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA