Global iqlim o‘zgarishi yirik ekologik muammolar keltirib chiqarmoqda. Ba’zi hududlarda suv sathining ko‘tarilishi, toshqinlar, qurg‘oqchilik kabi ofatlar ham kuzatilyapti. Bu esa ekologik vaziyatning izdan chiqayotganidan dalolat beradi. Ushbu yirik ekologik muammolar nafaqat Markaziy Osiyo, balki O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmasligi aniq.
Iqlim o‘zgarishi, anomal issiq ob-havo suv tanqisligi va qurg‘oqchilikka sabab bo‘lmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan qishloq xo‘jaligi, energetika va ekologik muammolarni kuchaytirib, ijtimoiy, siyosiy holatning keskinlashuviga sabab bo‘lmoqda. Mavjud muammolarning oldini olish va ekologik muhitni barqarorlashtirish maqsadida Uzcosmos agentligi BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (UNESCAP) bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo uchun yerni masofadan zondlash texnologiyalariga asoslangan qurg‘oqchilikni monitoring qilish tizimini yaratish loyihasini ishlab chiqmoqda.
Uning doirasida mintaqa davlatlariga qurg‘oqchilikni boshqarish tizimini takomillashtirish, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari hamda texnik resurslardan o‘z vaqtida foydalanish bo‘yicha ko‘mak beriladi. Xususan, har bir mamlakatning o‘ziga xos sharoitini inobatga olgan holda qurg‘oqchilikni tezkor kuzatish tizimi va ekinlarni bulutli monitoring qilish platformasini yaratish reja qilingan.
[gallery-24807]
Joriy yilning 18 avgust kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi binosida o‘tgan xalqaro seminarda ishtirokchilar mazkur loyihani O‘zbekiston hududida amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashib, mavjud imkoniyatlarni muhokama etishdi. Qurg‘oqchilik nafaqat tabiiy iqlim omillari, balki inson faoliyati, xususan, suv resurslarining noto‘g‘ri boshqarilishi bilan ham bog‘liq. So‘nggi yillarda kosmik texnologiyalar qurg‘oqchilik monitoringi, baholash va oldini olishda muhim vositaga aylandi. Sun’iy yo‘ldoshlar orqali olingan ma’lumotlar qishloq xo‘jaligi, ekologiya va suv xo‘jaligi sohalarida qarorlar qabul qilish jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Ahamiyatli jihati shundaki, qurg‘oqchilikka qarshi kurashishda kosmik monitoring asosiy vositalardan biri hisoblanadi. Jumladan, masofadan zondlash orqali sun’iy yo‘ldosh tasvirlari yordamida tuproq namligi, o‘simlik qoplamasi, suv havzalari maydonidagi o‘zgarishlarni aniqlash mumkin. MODIS, Sentinel, Landsat kabi yo‘ldoshlar yuqori aniqlikdagi tasvirlarni olishda qo‘l keladi. Qolaversa, NDVI (Normalized Differencye Vegetation Indyex) kabi indekslar yordamida esa o‘simliklarning sog‘lomligi va hosildorligini prognoz qilish mumkin bo‘ladi.
Agarda masalaga jiddiy e’tibor qaratilmasa, bu zanjirga aylangan holda juda ko‘p muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Mazkur ofat sabab mamlakat suv tanqisligi, tuproq degradatsiyasi, oxir-oqibat esa hosil va oziq-ovqat yetishmovchiligi bilan yuzlashadi. Uzcosmos agentligi va BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (UNESCAP) hamkorligida ishlab chiqilayotgan Markaziy Osiyo uchun yerni masofadan zondlash texnologiyalariga asoslangan qurg‘oqchilikni monitoring qilish tizimi bu borada o‘ziga xos loyihalardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA, Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA