Mamlakatimizning barcha hududlarida “Prezident olimpiadasi”ning ikkinchi bosqich musobaqalari qizg‘in davom etmoqda. Musobaqalar finali joriy yil dekabr oyida poytaxtimizda o‘tkazilishidan xabaringiz bor, albatta.
Mazkur musobaqaning eng tomoshabop yo‘nalishlaridan biri — badiiy gimnastika.
Mazkur sport turi bo‘yicha Bekobod shahrida bo‘lib o‘tgan saralash bahslari yuqori saviyada tashkil etildi. Unda Ariana Bondareva, Mukarram Sulaymonova hamda Sabina Ergasheva g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Farg‘ona shahridagi bellashuvlarda tomoshabinlarning samimiy qo‘llab-quvvatlashi gimnastikachilar harakatlariga yanada joziba va ta’sirchanlik baxsh etdi. Ushbu musobaqada Marjona Akbaraliyeva, Gulyora Qodirova hamda Malika Abdulhayeva shohsupaga ko‘tarildi.
“Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” g‘oyasi asosida o‘tkazilayotgan “Prezident olimpiadasi” yoshlar o‘rtasida sport mahoratini rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash hamda ularning kelgusida yurtimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilishiga mustahkam zamin yaratmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA