Majburiy ijro byurosi (MIB) tizimi xodimlari sud va boshqa organlar hujjatlari ijrosini ta’minlash uchun qonunda belgilangan barcha chora-tadbirlarni ko‘rmoqda.
Vaqtida to‘lanmagan qarzdorlik majburiy ijro harakatlari orqali undirilmoqda. Bunda, qarzdorlik qarzdorning hisob-raqamlari, daromadlari va mulklariga qaratiladi.
Ijro hujjatlarini ijro etishdan har qanday tarzda bo‘yin tovlayotgan jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulki yoki to‘lov qobiliyati yo‘qligi sababli undiruvni amalga oshirish imkoniyati bo‘lmaganda, u haqidagi ma’lumotlar majburiy tartibda “Majburiyatlar reyestri”ga kiritiladi.
Bu esa qarzdor sub’ektlarga nisbatan ijro ishi doirasida qo‘llanilgan barcha cheklovlar 10 yil davomida saqlanib qolinishini ta’minlaydi.
Reyestrga kiritilgan qarzdorning mol-mulki va pul mablag‘lari aniqlanganda, majburiy ijro harakatlari davom ettiriladi.
Bu davlatimiz rahbarining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida joriy etilgan institut bo‘lib, reyestr Majburiy ijro byurosi tomonidan yuritiladi.
Misol uchun, Toshkent shahar soliq boshqarmasining qaroriga asosan "S.B." mas’uliyati cheklangan jamiyatidan davlat foydasiga jami 64 million 181 ming 896 so‘m soliq qarzdorligini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati MIBning Olmazor tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor jamiyatning bankdagi barcha hisob-raqamlariga tegishli tartibda band solingan. Shuningdek, byuroning tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan tegishli tashkilotlarga qarzdor jamiyatning mulki va avtotransport vositalarini aniqlash yuzasidan so‘rovnomalar yuborilgan.
Olingan javoblarga ko‘ra, qarzdorning hisob-raqamida hech qanday pul mablag‘lari yo‘qligi va undiruvga qaratilishi mumkin bo‘lgan hech qanday mol-mulki rasmiylashtirilmagani aniqlangan.
Shundan so‘ng mazkur ijro hujjati MIBning “Majburiyatlar reyestri”ga kiritilgan va bu haqida qarzdor jamiyat rahbari nomiga SMS-xabarnoma yuborilgan.
Biroq, jamiyat rahbari ushbu xabarni, unga nisbatan yuritilgan ijro ishi yopilgani haqidagi ma’lumot, deb qabul qilgan. Bu esa, unga qimmatga tushdi. Sababi, bir oy vaqt o‘tmasdan jamiyat rahbari o‘zining hisob-raqami orqali katta miqdordagi pul mablag‘larini aylantira boshlagan.
Natijada mazkur pul mablag‘lari avtomatik tarzda yechib olinib, davlat foydasi (soliq qarzlari)ga yo‘naltirilgan.
Aslida, qarzlar to‘lanishi kerak bo‘lgan majburiyat. Undan bo‘yin tovlashga harakat qilish, g‘irromlik qilish yoki yana qandaydir xom xayolga berilish – o‘zini shunchaki aldash. Yaxshisi, qarzni to‘lab xotirjam bo‘lgan afzal.
Aytib o‘tish kerakki, qarzdor haqida ma’lumot reyestrga kiritilgandan keyin unga nisbatan ijro ishi doirasida qo‘llanilgan barcha cheklovlar saqlab qolinadi. Qarzdor ijro hujjati bo‘yicha majburiyatini bajarganda, u vafot etganda, ijro hujjatini berishga asos bo‘lgan sud hujjati yoki boshqa organning hujjati bekor qilinganda yoxud ijro hujjati bo‘lgan hujjat bekor qilinganda yoki haqiqiy emas deb topilganda, qarzdorning 10 yil davomida mol-mulki yoki pul mablag‘lari haqida ma’lumot aniqlanmaganda yoki qarzdor bankrot deb topilganda, undiruvchining arizasiga ko‘ra, u haqidagi ma’lumotlar reyestrdan chiqariladi.
N.Abduraimova,
O‘zA