Bugun, 18 avgust kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 19-turini "Xorazm" — "Qizilqum" jamoalari o‘rtasidagi o‘yin yakunlab beradi.
Kuni kecha mazkur turdan o‘rin olgan uchta uchrashuv o‘tkazildi. Unda "Qo‘qon-1912" o‘z maydonida “Surxon” klubini 2:0 hisobida taslim etdi. Gollarga Datsi Kleydi va Javohir Husanov mualliflik qildi. Shu tariqa, mezbonlar muhim g‘alabadan so‘ng ochkolarini 18 taga yetkazib olgan bo‘lsa, mehmonlar 23 ochko bilan qoldi.

“Mash’al” o‘z maydonida “Andijon” klubi ustidan 1:0 hisobida zafar quchdi hamda ochkolarini 18 taga yetkazdi. Bellashuvdagi yagona gol 41-daqiqada Humoyun Murtazoyev tomonidan kiritildi. Darvoqe, vodiy klubi hisobida ayni damda 21 ochko mavjud.

Poytaxtimizda tashkil etilgan “Bunyodkor” va “Buxoro” jamoalari bahsi keskin va murosasiz o‘tdi. Unda maydon egalari 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Natijada “Bunyodkor” 34 ochko jamg‘arib, to‘rinchi pog‘onadan joy oldi. “Buxoro” esa 14 ochko to‘plagan holda 15-o‘rinda bormoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA