Andijonning so‘lim va xushmanzara go‘shasi – Xonobod shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Dunyo sadolari” III xalqaro milliy estrada san’ati festivalining ikkinchi kuni namoyish etilgan dasturlar ham takrorlanmas va yorqin bo‘ldi.
Xonobod shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hududlaridagi sahnalarda tuman, shahar madaniyat bo‘limlari san’atkorlari, turli ansambllar tomonidan namoyish etilgan badiiy dasturlar, ijro etilgan raqs, kuy va qo‘shiqlar, dorbozlar guruhlarining chiqishlari festival mehmonlariga xush kayfiyat ulashdi.
Festival doirasidagi tadbirlar Xonobodning turizm imkoniyati va salohiyatini yana bir bor namoyish etdi. Yurtimizning turli viloyatlari, qo‘shni respublikalardan tashrif buyurgan minglab mehmonlar tashkil etilgan rang-barang ko‘ngilochar tadbirlar, shaharning musaffo tabiati va go‘zal manzarasidan bahramand bo‘ldi.
–Biz O‘sh oblastining Aravon rayonidan keldik, – deydi Inoyatxon Rahmatullayeva. – Xonobod haqiqatdan ham sayyohlarni jalb etadigan go‘zal va so‘lim shahar ekan. Festival doirasidagi tadbirlar esa shaxsan menda unutilmas taassurotlar qoldirdi. Xonobodga yana kelishni dilimga tugib qo‘ydim.
Festivalning ikkinchi kuni kech oqshom shaharning Kampirrovot mahallasi hududida tashkil etilgan keng maydon va bosh sahnada festival mehmonlari yurtimiz estrada xonandalari Imronxon, Sevinch Mo‘minova, Shohruxxon hamda turkiyalik jahon estrada yulduzlaridan biri Mustafo Sandalning chiqishlaridan bahramand bo‘ldi.
Shuningdek, dastur davomida zamonaviy libos va modalar namoyishi ham o‘tkazildi.
Estrada yulduzlarining chiqishlari festival mehmonlarida unutilmas taassurotlar qoldirdi.
–Butun jamoamiz bilan festival tadbirlari, shuningdek, mashhur qo‘shiqchilarning chiqishlarini tomosha qilgani keldik, – deydi Andijon viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi xodimi Umidjon Akbarov. – Nafaqat O‘zbekiston, balki jahon estradasi yulduzlarining chiqishlarini bevosita kuzatib, yurtimizda, xususan, Xonobod shahrida mana shunday festival bo‘lib o‘tayotganidan qalbimiz faxrga to‘ldi.
Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayrami arafasida bo‘lib o‘tayotgan ushbu festival yurtdoshlarimiz qalbiga yuqori ko‘tarinkilik bag‘ishlamoqda. Kundan kunga yuksalib borayotgan, obod va ozod yurtimizga aslo ko‘z tegmasin, bayramlar bayramlarga ulansin.
[gallery-24797]
Festivalning ikkinchi kuni dasturi go‘zal va betakror mushaklar jilosi bilan yakuniga yetdi.
“Dunyo sadolari” festivali davom etmoqda. Bugungi oqshom dasturida yurtimizning mashhur estrada xonandalari Jaloliddin Ahmadaliyev, Zara, “Setora” guruhi, hamda jahon estrada yulduzlaridan biri, eronlik Arash (Arash Labafzoda)ning chiqishlari ko‘zda tutilgan.
<iframe width="914" height="523" src="https://www.youtube.com/embed/umA2_od8ehE" title="“Dunyo sadolari» mehmonlarda unutilmas taassurotlar qoldirmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari