O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ayrim toifadagi oilalarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida subsidiya oluvchilarga artezian qudug‘i qazish, suv nasoslarini o‘rnatish hamda ichimlik suvi filtrlarini xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarini qoplash xizmati “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali ko‘rsatiladi;
b) “YAMIH” ATda artezian qudug‘i qazish xizmatlarini ko‘rsatish, suv nasosi va ichimlik suvi filtrini sotish hamda o‘rnatish aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi tadbirkorlik sub’ektlari reyestriga kiritilgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan amalga oshiriladi. Tadbirkorlik sub’ektlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtamoiy himoya milliy agentligi tomonidan “YAMIH” ATga kiritilgan ommaviy ofertani tasdiqlash orqali Reyestrga bepul va ixtiyoriylik asosida kiritiladi;
v) subsidiya oluvchilar tomonidan artezian qudug‘i qazish, suv nasoslari va ichimlik suvi filtrlarini xarid qilish va o‘rnatish xizmatlari “YAMIH” AT orqali mustaqil tanlanadi va xarid qilinadi;
g) subsidiya oluvchilarning artezian qudug‘i qazish, suv nasoslari va ichimlik suvi filtrlarini xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarining 90 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha bo‘lgan qismini qoplash uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan subsidiya ajratiladi. 2025 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga bir marta beriladigan moddiy yordam uchun Davlat byudjetidan ajratilgan xarajatlarning qolgan qismi mazkur tadbirlarga yo‘naltiriladi;
2026 yildan boshlab ushbu tadbirlarni moliyalashtirish uchun mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasining “Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonunida nazarda tutiladi.
Subsidiya oluvchilarga subsidiya quyidagi shartlarning barchasi bir vaqtning o‘zida bajarilgan taqdirda ajratiladi:
subsidiya oluvchilar turar joyida artezian qudug‘i qazish xizmatlari, suv nasosi va suv filtrini sotish va o‘rnatishga doir ishlar Reyestrga kiritilgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa;
subsidiya oluvchilar tomonidan artezian qudug‘i qazdirilib, suv nasosi va ichimlik suvi filtri o‘rnatilgani to‘g‘risidagi ushbu oilalar yashaydigan mahalla fuqarolar yig‘inining raisi va tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Xorazm viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi mas’ul vakillari tomonidan joyiga borgan holda xulosa rasmiylashtirilgan bo‘lsa;
subsidiya oluvchilar tomonidan artezian qudug‘i qazdirilib, suv nasoslari o‘rnatilgani natijasida olingan suvning iste’molga yaroqliligi to‘g‘risida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan joyiga borgan holda xulosa rasmiylashtirilgan bo‘lsa.
Mazkur qaror bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi ayrim toifadagi oilalarni ichimlik suvi bilan ta’minlash xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
subsidiya oluvchilar tomonidan elektron savdo platformasi orqali artezian qudug‘i qazdirish, suv nasoslari o‘rnatish hamda ichimlik suvi filtrlarini xarid qilish bo‘yicha buyurtmalar berish;
subsidiya oluvchilarning turar joyida artezian qudug‘i qazilgani, suv nasoslari o‘rnatilgani hamda ichimlik suvi filtrlari xarid qilinib, o‘rnatilganini o‘rganish;
subsidiya oluvchilarga ularning turar joyida artezian qudug‘i qazdirish, suv nasoslarini o‘rnatish hamda ichimlik suvi filtrlarini xarid qilib, o‘rnatish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi belgilab berilgan.
O‘zA