Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida Xitoyning “Xinjiang Sanwei Intelligent Control Agricultural Technology Co., Ltd.” kompaniyasi bilan 22 million AQSH dollarlik “Aqlli sug‘orish tizimi” loyihasi bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hamkorlik doirasida tumanda ilg‘or texnologiyalar asosida raqamlashtirilgan va masofadan boshqariladigan sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa, avvalo, suv resurslarini tejash, yer unumdorligini oshirish hamda mahalliy fermerlar faoliyatiga zamonaviy innovatsion yechimlarni tatbiq etish imkonini beradi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, mazkur kompaniya Xitoy qishloq xo‘jaligi sohasida 20 yillik tajribaga ega bo‘lib, so‘nggi yillarda “Smart Irrigation System” — aqlli tomchilab sug‘orish tizimini ishlab chiqqan. Ushbu tizim sun’iy intellekt texnologiyalari va tuproq namligini o‘lchovchi sensorlar asosida ishlaydi.
Ekinlarning rivojlanish fazasi kuzatilib, real vaqtda olinadigan ma’lumotlar asosida sug‘orish hajmi avtomatik tarzda belgilanadi. An’anaviy usullarga nisbatan, bunday tizim suv sarfini 40–55 foizgacha kamaytiradi. Har gektar yer maydonida esa o‘rtacha 600–900 kubometr suv tejalishi kutilmoqda.

– Mazkur loyiha nafaqat agrar sohada, balki investitsiya muhitini yaxshilashda ham muhim qadam hisoblanadi, – deydi Mirzaobod tumani hokimining investitsiyalar, sanoat va savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Azim Xolov. – Innovatsion tizim joriy etilishi orqali tumanimiz fermerlari zamonaviy texnologiyalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar, ishlab chiqarish samaradorligi oshadi. Eng asosiysi, suv resurslari tejaladi va hosildorlik ko‘rsatkichlari sezilarli darajada o‘sadi. Bu esa Mirzaobod qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Loyihaning amalga oshirilishi Mirzaobod tumanida agrar sohada yangi bosqichni boshlab berishi, qishloq xo‘jaligida samaradorlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri