Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
Mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi oldidan bosib o‘tgan yo‘limizga nazar tashlar ekanmiz, har bir soha va yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani, tengi yo‘q natija va samaralarga erishilganiga guvoh bo‘lamiz. Istiqlol manzaralari bugun har bir jabhada o‘z aksini topmoqda.
Xususan, san’at va madaniyat sohasi ravnaqi yo‘lida ulkan islohotlar, amaliy chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yildi. Ushbu yo‘nalishni ilmiy jihatdan o‘rganishga, tadqiq etishga alohida e’tibor qaratildi. Yurtimizda bir qator san’at va madaniyat yo‘nalishida xalqaro festivallar tashkil etilmoqda. Milliy madaniyatimizning ajralmas qismi bo‘lgan maqom va baxshichilik festivallarini o‘tkazish an’ana tusini oldi.
O‘tgan davr mobaynida san’at va madaniyat yo‘nalishidagi ta’lim islohotlari, misli ko‘rilmagan yangiliklar xususida kompozitor, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oydin Abdullayeva o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Oydin Abdullayevaning qayd etishicha, mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi yillarda respublikamiz bo‘yicha 400 dan ortiq bolalar musiqa va san’at maktablari yangidan qurildi, eskilari rekonstruksiya qilindi. O‘quv adabiyotlari va moddiy-texnik bazasi mutlaq yangilandi. Farzandlarimiz san’at va madaniyat yo‘nalishida qo‘shimcha ta’limga jalb etilayotgani e’tiborga molik.
— San’at va madaniyat yo‘nalishidagi ta’limning ko‘lami, qamrovi oshdi. Jumladan, o‘tgan davrda O‘zbekisiton davlat konservatoriyasining Nukus filiali tashkil etildi. Shuningdek, Nukusda Yosh operachilar va baxshi ijrochilari maktab-internati tashkil etildi va u yerda bekamu ko‘st sharoitlar yaratib berildi. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona viloyati filiali barpo etildi. Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzurida Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti tashkil etilgani e’tiborga molik.
Shuningdek, milliy raqs san’atimizni yanada rivojlantirish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi tashkil etildi. Avval xoreografiya oliy maktabi mavjud edi. Endilikda akademiya sifatida tashkil qilingani raqs san’atimizni ilmiy jihatdan yanada keng o‘rganish imkoniyatini yuzaga keltirdi.
Endilikda san’at va madaniyat yo‘nalishidagi ta’limga badiiy ta’lim maqomini berishga tayyormiz. Jahon tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, ko‘plab mamlakatlarda san’at va madaniyat ta’limiga badiiy ta’lim maqomi berilgan. Agar bizda ham mazkur yo‘nalishga qonunchilik darajasida badiiy ta’lim maqomi beriladigan bo‘lsa, dunyoning eng kuchli ta’lim muassasalari standartiga kira olish qobiliyatiga ega bo‘lamiz, — deydi Oydin Abdullayeva.
Batafsil: quyidagi videohavolada.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Hv7eWYApBvQ" title="San’at va madaniyat ta’limiga badiiy ta’lim maqomini berish vaqti keldi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova, Doniyor Yakubov, Anvar Ahmedov (video), O‘zA