Munosabat

Bola dunyoga kelgan birinchi kunlaridanoq uning sog‘lom o‘sishi, jismoniy va ruhiy rivojlanishiga katta e’tibor qaratish lozim. Bu jarayonda eng muhim omillardan biri uni ona suti bilan oziqlantirishdir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) tavsiyalariga ko‘ra, chaqaloq hayotining birinchi olti oyida faqat ona suti bilan oziqlantirilishi kerak.
Sababi, ona suti – tabiat tomonidan yaratilgan noyob ne’mat bo‘lib, uning tarkibida bolaga kerakli bo‘lgan oqsillar, uglevodlar, yog‘lar, vitaminlar, minerallar va immunitetni mustahkamlovchi antitanachalar kabi zaruriy moddalar mujassam.
Qolaversa, bugungi kunda rivojlanayotgan mamlakatlarda ham chaqaloqlar o‘rtasidagi o‘lim ko‘rsatkichlarini kamaytirishdagi eng muhim omil sifatida ona sutidan keng foydalanib kelinmoqda. Sababi, har xil sun’iy oziqalar qimmatga tushadi va gigiyena talablariga rioya qilinmasa, bolaga zarar keltirishi mumkin. Ona suti esa doimiy ravishda tayyor holda, bepul va xavfsizdir.
Shu bois, mamlakatimizda ham bolalar salomatligini asrash maqsadida go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratib kelinadi. Jumladan, ushbu sohadagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida “Ona suti bilan ozuqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilingan.
Mazkur qonun bilan homilador ayollar, emizikli onalar, go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarning ona suti bilan ozuqlantirishga bo‘lgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda davlat nazoratini amalga oshirish belgilangan.
E’tiborli jihati mazkur qonunda belgilangan maqsad va vazifalar O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida aholi salomatligi yo‘nalishida ilgari surgan tashabbuslar bilan hamohang ekanligidir. Xususan, partiya dasturida hamonalar va bolalarning har bir o‘limi favqulodda holat sifatida ko‘rilib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida alohida dastur ishlab chiqish, og‘ir holatdagi, salomatligida muammosi bo‘lgan onalar ro‘yxatini shakllantirib, ularning tizimli ravishda davolanishini tashkil etish taklif etilgan.
Qolaversa, partiya tashabbusi bilan aholi salomatligini asrashga qartilgan “Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur”, “Yoshlar salomatligi partiya e’tiborida” va “Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz” kabi 10 ga yaqin loyiha doirasida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Jumladan, partiyaning Toshkent shahar Kengashi tashabbusi bilan “Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur” loyihasi doirasida 1-7 avgust kunlari “Butunjahon ona suti bilan oziqlantirish haftaligi” munosabati bilan Yunsobod tumanidagi 50-oilaviy poliklinika bilan hamkorlikda tumandagi 6 ta mahallada ko‘rgazmali targ‘ibot materiallari orqali tushuntirish ishlari olib borildi.
50-oilaviy poliklinika qamrov hududida 2024 yilda 358 nafar 1 yoshgacha bo‘lgan bolaning 224 tasi ya’ni 62,5 foizi ona suti bilan oziqlantirilgan bo‘lsa, joriy yil partiya tashabbusi bilan tashkil etilgan targ‘ibot va tushuntirish tadbirlari sabab, ushbu ko‘rsatkich 81,9 foizga yetdi. Ayni kunda ushbu yo‘nalishdagi targ‘ibot tadbirlari Toshkent shahri mahallalari bo‘ylab davom ettirilmoqda.
Targ‘ibot tadbirlari doirasida partiya xodimlari va soha mutaxassilari tomonidan aholiga ona sutida bolani turli infeksiya va kasalliklardan himoya qiluvchi antitanachalar mavjudligi, shu sababli ona suti bilan oziqlantirilgan bolalarda o‘pka, ichak, quloq infeksiyalari kamroq kuzatilishi kabi ma’lumotlar yetkazilmoqda.
Umuman olganda, ona suti bilan oziqlangan chaqaloqlar tez va muvozanatli o‘sadi. Ularda allergik kasalliklar, semizlik yoki qandli diabet kabi xastaliklar kam uchraydi. Shuningdek, olimlar bola miyasining rivojlanishiga ona sutidagi maxsus yog‘ kislotalarining katta ta’siri borligini isbotlashgan. Bunday bolalarda intellekti yuqori, ta’limga qiziqishi kuchli bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda ona suti bola hayotidagi eng muhim ne’matlardan biridir. U nafaqat jismoniy, balki ruhiy va aqliy rivojlanish uchun ham asosiy manba hisoblanadi. Shu bois, bugungi kunda butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham ona suti bilan bolalarni oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Sababi, bolalarimizning sog‘lom voyaga yetishi bu nafaqat ota-onalarning, balki jamiyatning kelajagi uchun ham muhimdir.
Muharram DADAXO‘JAEVA,
Yunsobod tumanidagi 50-oilaviy poliklinika mudiri,
“Adolat” SDP Toshkent shahar Kengashi raisi.
O‘zA