Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi “Hukumat soati”da qonunchilik hujjatlarini sifatli tayyorlash hamda norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi. Kun tartibidagi masala yuzasidan deputatlarning savollariga adliya vaziri Akbar Toshqulov javob berdi.

— Hozirgi kunda normativ-huquqiy hujjatlar fondi 44 mingdan ortiq hujjatni o‘z ichiga oladi, shundan 23 mingtasi yoki 51 foizi oxirgi 7 yilda qabul qilingan, — dedi vazir. — Xususan, 2016 yilga qadar har yili 15-20 ta qonun qabul qilingan bo‘lsa, 2024 yilda bu raqam 125 taga yetgan. Bu 5 baravar o‘sish degani. Bunday dinamika faqat qabul qilinayotgan qonunlar sonining ortishi bilan emas, balki islohotlarni huquqiy jihatdan kompleks ta’minlash, sohaviy o‘zgarishlar tezkor va maqsadli huquqiy asoslar bilan mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
Muhokamalarda xalq vakillari qonun loyihalarini Qonunchilik palatasiga sifatli va o‘z vaqtida kiritilishi, qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligi, huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertizalardan o‘tkazilish holati borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida bir qator savollarni o‘rtaga tashlab, vazirlik mas’ullaridan izoh so‘radi.
Ta’kidlanganidek, ayrim qonun loyihalari palatagacha yetarli darajada sifatli tayyorlanmagan holda kiritilmoqda. Vazirlik va idoralarda ham norma ijodkorligi borasidagi ko‘nikma va mas’uliyat darajasi hamon yetarli emas. Bu ayniqsa, Adliya vazirligiga huquqiy ekspertiza uchun taqdim etilayotgan qonun loyihalarining sifat darajasi pastligi orqali yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Misol uchun, vazirlik tomonidan oxirgi bir yarim yilda 355 ta qonun loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan. Ularning 68 tasi (19 foizi)ni qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida xulosa berilib, vakolatli organlarga kiritilishining oldi olingan.
Qayd etilganidek, ayrim holatlarda mas’ul idoralar tomonidan Adliya vazirligining huquqiy ekspertiza xulosasida bildirilgan, shuningdek, boshqa vakolatli organlarning idoraviy kelishuv jarayonida bildirilgan asosli e’tirozlari to‘liq bartaraf qilinmasdan, loyihalar vakolatli organlarga kiritilmoqda. Natijada loyihalar qayta ishlanib, ishlab chiquvchilarga qaytarilmoqda. Oqibatda ayrim muhim loyihalar Qonunchilik palatasiga kechikib kiritilmoqda. Qonunchilik palatasi qonun loyihalarini qaytarish huquqidan foydalanmasdan, loyihalarni bevosita palatada qayta ishlashga majbur bo‘lmoqda. Deputatlarning sa’y-harakati bilan ko‘plab qonunlar mazmunan boyitilib, huquqiy jihatdan maromiga yetkazilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi ekspertiza bo‘yicha ham maxsus qonun asosida amaldagi hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tizimi yaratildi, davlat organlariga aniq vazifa va vakolatlar berildi.

“Hukumat soati”da deputatlar qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida jamoatchilik muhokamasi institutidan samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan ham qiziqdilar.
Bu borada o‘tgan davrda vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan 110 ta qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilgani ma’lum qilindi. Statistikaga ko‘ra, har oyda o‘rtacha 1000 ta odam jamoatchilik muhokamasida ishtirok etadi va loyihalar bilan tanishadi. So‘nggi bir yilda jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilgan qonunchilik hujjatlari bo‘yicha 852 ta taklif bildirilgan. Regulation.gov.uz portalida jamoatchilik muhokamasi davomida berilgan taklif va e’tirozlarni vazirlik va idoralar tomonidan majburiy ravishda ko‘rib chiqish va munosabat bildirish, shuningdek, loyihaning jamoatchilik muhokamasi yakunlangach, ularni ko‘rib chiqish jadvalini bevosita hamma ko‘rishi uchun e’lon qilish kabi qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilgan.
Muhokamalarda qonun ijodkorligi sohasida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishda zarur shart-sharoitlarni ta’minlash, vazirlikning huquqiy ekspertiza xulosasi ta’sirchanligini oshirish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish jarayonida olimlar, ekspertlar hamjamiyati salohiyatidan unumli foydalanish mexanizmlarini yaratish jamoatchilik muhokamalari yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA