Samarqand shahrida yoshlar jinoyatchiligining oldini olish, ishsizligiga barham berish yuzasidan “mahalla yettiligi” a’zolari va ta’lim muassasalarining hamkorligini takomillashtirish bo‘yicha respublika amaliy seminari ish boshladi.

Seminarning ochilishida Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Qahramon Quronboyev, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori Mahl Sabine xonim, Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev va boshqa mas’ullar ishtirok etib, mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va ularning samarasi haqida so‘z yuritdi.

Uch kun davom etadigan seminarda yoshlar bandligini ta’minlashda “mahalla yettiligi”ning o‘rni, oliy ta’lim muassasalaridagi yoshlar bilan ishlash va bitiruvchi yoshlarni ish bilan ta’minlash, yoshlar yetakchilarining ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish tizimi va bolalar tashkiloti faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar jinoyatchiligining oldini olishda profilaktika inspektorlari va yoshlar yetakchilari hamkorligi, yosh oilalar o‘rtasida ajrimlarning oldini olish, mahallalarda yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, mahallalarda faoliyat yuritayotgan yosh tadbirkorlar, IT, startap loyiha va dasturlar asosida ishlayotgan yoshlar faoliyati o‘rganiladi.

G‘. Hasanov, O‘zA muxbiri