AQSHning Sent-Luis shahrida “Saint Louis Rapid & Blitz 2025” turnirining 9 ta turdan iborat rapid yo‘nalishidagi musobaqalar yakunlandi.
Mukofot jamg‘armasi 175 ming AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning kecha o‘tkazilgan 7, 8 va 9-tur o‘yinlarida Nodirbek Abdusattorov munosib natija qayd etdi.

Nodirbek Abdusattorov 7-turda qora donalarda fransiyalik Maksim Vashe-Lagrav bilan, 8-turda ham qora donalarda amerikalik Sem Shankland bilan o‘yinda durangga erishgan bo‘lsa, 9-turda oq donalarda AQSH vakili Lener Domingesni mag‘lub etdi.
Rapid bahslarida AQSH vakili Fabiano Karuana 14 ochko bilan yakka peshqadamga aylangan vaziyatda Levon Aronyan 13 ochko bilan ikkinchi o‘rinni, 11 ochko jamg‘argan Maksim Vashe-Lagrav 3-o‘rinni egalladi.
10 ochkoni qo‘lga kiritgan jahon chempioni Dommaradju Gukesh 4-o‘rinni, 9 ochko jamg‘argan Uesli So, Nodirbek Abdusattorov va Lener Dominges keyingi pog‘onalarni band etishdi.
Bugun, 14 avgust kunidan nufuzli musobaqaning bilits yo‘nalishidagi bellashuvlarga start beriladi.

Kun davomida 5 ta tur o‘yinlarida ishtirokchilar kuch sinashsa, ertaga 15 avgustda 5-13-tur bahslari, 16 avgust kuni esa qolgan 14-18-tur o‘yinlari tashkil etiladi.
Turnirda g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 40 ming, 2-o‘rin 30 ming, 3-o‘rin 25 ming, 4-o‘rin 20 ming, 5-o‘rin 15 ming, shuningdek keyingi pog‘onalardan joy egallaganlar mukofot jamg‘armasining tegishli miqdoridagi mablag‘lari bilan taqdirlanadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA