Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 18-turining so‘nggi kunida “Buxoro” – “Xorazm” va “Surxon” – “Bunyodkor” klublari o‘zaro bahslashdi. Buxoro sport majmuasida o‘tkazilgan “Xorazm” klubiga qarshi o‘tgan o‘yinda mezbonlar 1:1 hisobida durang qayd etdi. “Surxon” esa o‘z maydonida “Bunyodkor” jamoasini 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Mazkur o‘yinlar yakunidan so‘ng, milliy chempionatimizning 18-turi ham o‘z yakuniga yetdi. Tur yakuniga ko‘ra, “Nasaf” 37 ochko bilan musobaqa jadvalida peshqadam siftaida qoldi. Uning ortidan 36 ochko to‘plagan “Neftchi” ikkinchi o‘rinni egalladi.
O‘tgan turlar mobaynida 34 ochkodan jamg‘argan OKMK va “Dinamo” jamoalari gollar nisbatiga ko‘ra 3-4 pog‘onadan joy oldi. “Navbahor” va “Bunyodkor” 31 ochkodan jamg‘arib, mos ravishda beshinchi va oltinchi o‘rinda bormoqda. “Paxtakor” 30 ochko bilan yettinchi, “Surxon” 23 ochko bilan sakkizinchi o‘rinni egallab turibdi.“Qizilqum” (22 ochko), “Andijon” (21 ochko) va “So‘g‘diyona” (20 ochko) klubalri jadvalning 9-11 o‘rinlarida bormoqda.
[gallery-24770]
Shuningdek, 11-15- pog‘onalardan “Xorazm” — 19 ochko, “Mash’al” va “Qo‘qon-1912” — 15 ochko, “Buxoro” — 14 ochko bilan qayd etilgan bo‘lsa, eng oxirgi o‘rinda 10 ochko to‘plagan “Sho‘rtan” qolmoqda.
Superliganing o‘tgan 18 turi mobaynida Igor Sergeyev (“Paxtakor”) jami 12 ta gol urib, musobaqa to‘purarlari orasida birinchi o‘rinda bormoqda. Uni Lyupcho Doriyev (“So‘g‘diyona”) va Husayn Norchayev (“Nasaf”) 9 ta gol bilan ta’qib qilmoqda. Alisher Odilov (“Neftchi”) esa 8 ta golli uzatma qayd etib, assistlar orasida karvonboshilik qilayotir.
O‘zbekiston Superligasi 19-tur o‘yinlari 15–18 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda quyidagi bahslarga guvoh bo‘lamiz:
15 avgust: “Paxtakor” — “So‘g‘diyona”;
16 avgust: “Navbahor” — “Neftchi”, “Dinamo” — “OKMK”, “Nasaf” — “Sho‘rtan”;
17 avgust: “Qo‘qon-1912” — “Surxon”, “Mash’al” — “Andijon”, “Bunyodkor” — “Buxoro”;
18 avgust: “Xorazm” — “Qizilqum”.
Javohir Toshxo‘jayev, Jonibek Qo‘zimurdov (surat), O‘zA