Guliston shahrida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sportning stol tennisi turi bo‘yicha Respublika "A" ligasi bosqichi yuqori saviyada o‘tdi. Sirdaryo viloyati mezbonlik qilgan musobaqaga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardan kelgan 16-21, 22-26 va 27-30 yosh toifalaridagi o‘nlab mahoratli tennischilar to‘plandi.

Qizg‘in final bahslarida 16-21 yosh toifasidagi qizlar o‘rtasida sirdaryolik Sayyora Qo‘ldosheva, yigitlar o‘rtasida andijonlik Omadillo Ikromov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. 22-26 yosh toifasida qoraqalpog‘istonlik Marina Kamolova va Toshkent viloyatidan Abdulla Yo‘ldoshev g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, 27-30 yosh toifasida esa xorazmlik Mehribon Masharipova hamda samarqandlik Omadbek Tursunov chempionlik shohsupasiga ko‘tarilishdi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri maslahatchisi Sharifjon Mo‘minjonov, Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Bekzod Ismatov hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, marosimda mamlakatimizdagi yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va sport turlariga qiziqishni oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar ahamiyati borasida alohida ta’kidlab o‘tildi.
G‘olib va sovrindorlarga O‘zbekiston sport vazirligi tomonidan 1-, 2- va 3-darajali diplomlar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri