Shokolad – bu butun dunyo bo‘ylab sevib iste’mol qilinadigan shirinlik bo‘lib, u nafaqat ta’mi bilan, balki sog‘liq uchun foydali xususiyatlari bilan ham mashhur. Shokolad kakao daraxtining mevasidan olinadigan kakao loviyalaridan tayyorlanadi va qadim zamonlardan beri insoniyatga tanish. Shokoladning bir necha mashhur turlari mavjud.
Qora shokolad tarkibida ko‘p miqdorda kakao mavjud bo‘lib, kamroq shakar qo‘shiladi. Ushbu shokolad turi inson organizmi uchun foydali bo‘lgan turlardan biri bo‘lib, yurak faoliyatini yaxshilaydi. Shokolod iste’mol qilish jarayonida noodatiy ta’m tufayli ushbu turni sevib tanovul qiladiganlar ham oz emas.
Sutli shokolad – shokolad va sut aralashmasidan hosil qilingan bo‘lib, ushbu shokolod turi ko‘pchilik uchun sevimli va tanish.
Oq shokolad esa kakos yog‘i, shakar va sut asosida tayyorlanadi lekin tarkibida kakao bo‘lmaydi. Ushbu tur ko‘pincha shirinlik bezaklari uchun ham foydalaniladi.
Shokolad ko‘pchilikning ovqatlanish ratsionidan joy olgan va jahon miqyosida eksport va import masalalari yetakchi o‘rinlarda turadi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi choragida O‘zbekiston 29 davlatdan qiymati 31,4 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 9,9 ming tonna shokolad va shokolad mahsulotlarini import qilgan. Ushbu mahsulot importini mamlakatlar kesimida hisoblaydigan bo‘lsak, eng katta ulush, ya’ni 7 ming 528 tonna Rossiya hududiga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, Niderlandiya, Ukraina, Qozog‘iston, Fransiya kabi davlatlardan shokolad mahsulotlari katta miqdorda import qilingan.
Olimlar tomonidan shokoladning inson organizmi uchun bir necha zararli tomonlari aniqlangan. Lekin me’yorga amal qilinsa, shokoladning xavflilik darajasi deyarli yo‘qoladi. Ushbu shirin mahsulot nafaqat sevgi va mehr ramzi balki, madaniyat, tarix va zavq manbai hisoblanadi. U inson kayfiyatini ko‘taradi, quvvat beradi va hayotni yanada yoqimli qiladi. Biroq sog‘liqni unutmasdan, uni o‘z o‘rnida iste’mol qilish ham muhim.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA